Jilberto Ayala: O‘zbekistonda sportga qaratilayotgan e’tibor yuksak natijalarga zamin yaratmoqda

Oktabr 07, 2026. 20:00 • 2 daq

• 238
Jilberto Ayala: O‘zbekistonda sportga qaratilayotgan e’tibor yuksak natijalarga zamin yaratmoqda

NYU-YORK, 7-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Venesuelalik sportchi va Xalqaro yakkakurashlar hamjamiyati vakili Jilberto Ayala O‘zbekistonda Prezidenti rahbarligida sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikr bildirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Jilberto Ayala O‘zbekiston yetakchisining sportga qaratayotgan e’tiborini yuqori baholashini ta’kidlagan. Uning fikricha, mamlakatda sport sohasidagi sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq ulkan natijalar qo‘lga kiritilmoqda.

«So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yoshlarning sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. Zamonaviy infratuzilma jadal rivojlanmoqda, eng yirik xalqaro musobaqalarda milliy terma jamoalar oldiga yuksak maqsadlar qo‘yilgan», – deydi venesuelalik sportchi.

Jilberto Ayalaning ta’kidlashicha, qo‘lga kiritilayotgan natijalar sportning davlat tomonidan izchil qo‘llab-quvvatlanishi naqadar samarali ekanini ko‘rsatadi. Bu muvaffaqiyatlar yangi marralar, xususan, 2028-yil Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari arafasida muhim ahamiyatga ega.

«O‘zbekistonning milliy sport turlariga xalqaro miqyosdagi qiziqish ham tobora ortib bormoqda. O‘zbek jang san’ati hisoblangan «Turon» ana shunday yo‘nalishlardan biridir. Bugungi kunda ushbu sport turi AQSH, Kanada, Meksika, Venesuela, Chili, Boliviya, Peru va Urugvayda rivojlanmoqda. Dunyoning boshqa mintaqalaridagi sport jamoatchiligi vakillari bilan ham aloqalar tobora kengaymoqda», – deydi Jilberto Ayala.

«Turon»ni xalqaro miqyosda ommalashtirish maydonlaridan biri Nyu-York bo‘ldi. Bu yerda 2025-yilda vatandoshimiz Farrux Niyozimbetov tomonidan O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida Xalqaro «Turon» federatsiyasi tashkil etildi. Qisqa vaqt ichida federatsiya Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevropa hamda Osiyo mamlakatlarining sport tuzilmalari bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘ydi.

Jilberto Ayala «Turon» bo‘yicha Panamerika tizimini shakllantirish va mintaqa davlatlari sportchilari ishtirokida qit’a chempionatini o‘tkazish ushbu sport turini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Sportchining aytishicha, ushbu jang san’atining xalqaro geografiyasi kengayib borayotgan bir paytda uning milliy o‘ziga xosligini saqlab qolish zarur.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish