Ichiro Xirosava: XX Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston Osiyoning yetakchi sport davlatlaridan biri sifatida o‘z salohiyatini to‘la namoyon etdi
Oktabr 06, 2026. 09:30 • 3 daq
• 193
NAGOYA, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. Nagoya shahri meri Ichiro Xirosava “Dunyo” AAga bergan intervyusida Yaponiyaning Aichi prefekturasidagi Nagoya shahrida o‘tkazilgan XX Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar erishgan natijalarni yuqori baholadi:
– XX Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining yorqin va muvaffaqiyatli ishtiroki munosabati bilan Nagoya shahri aholisi nomidan samimiy tabriklarimni izhor etaman.
Ushbu musobaqalarda O‘zbekiston sportchilari kurash, akademik eshkak eshish, kanoe va boshqa ko‘plab sport turlarida yuksak natijalarga erishib, Osiyoning yetakchi sport davlatlaridan biri sifatida o‘z salohiyatini to‘la namoyon etdi.
Sportchilarning shijoat va g‘ayratga boy harakatlari, 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medalni qo‘lga kiritishi ko‘plab tomoshabinlarda katta taassurot qoldirib, musobaqalarning yanada ko‘tarinki ruhda o‘tishiga katta hissa qo‘shdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sportni rivojlantirish borasida erishilayotgan yutuqlar alohida e’tiborga loyiq bo‘lib, xalqaro maydonda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan ko‘plab yuqori salohiyatli sportchilarni yetishtirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar qayd etgan natijalar ana shunday tinimsiz mehnat va sa’y-harakatlarning samarasi bo‘lib, Osiyo sporti taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Ayni paytda, sportchilaringizning nafaqat musobaqalar davomida, balki sport maydonidan tashqarida ham namoyon etgan yuksak madaniyat va odob-axloqi qalbimizga xursandchilik ulashdi. G‘alaba quvonchini jamoadoshlari bilan birgalikda baham ko‘rishi, raqiblarga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lishi hamda so‘nggi daqiqalargacha bor kuch va g‘ayratini namoyish qilishi Nagoya shahri aholisida yorqin taassurot uyg‘otdi.
O‘zbekiston vakillari yuksak sport mahorati va olijanob insoniy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan atletlar sifatida musobaqalarning asosiy g‘oyalarini amalda namoyon etdi.
Nagoya shahridagi boshlang‘ich maktablarda tashkil etilgan tadbirlarda qatnashgan, dzyudo bo‘yicha muvaffaqiyatga erishgan O‘zbekiston sportchilariga alohida minnatdorligimni bildiraman. Jahon miqyosida yuqori natijalarga erishayotgan sportchilar bilan bevosita muloqot qilish va ulardan o‘rganish imkoniyati bolalar uchun beqiyos tajriba bo‘ldi.
Dzyudochilarning sportga bo‘lgan ishtiyoq, mehnat va intilishning ahamiyati, hurmat va odobga sadoqat hamda qiyinchiliklarga qarshi mardona kurashish haqidagi fikrlari kelajak egalari bo‘lgan bolalarga katta orzu va umid bag‘ishladi. Ushbu samimiy va iliq muloqot uchun yana bir bor tashakkur bildiraman.
Nagoya va Toshkent shaharlari o‘rtasida turizm va madaniy almashinuv yo‘nalishida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan. Ushbu sheriklik asosida o‘zaro do‘stlik munosabatlari izchil rivojlanib kelmoqda.
Ushbu Osiyo o‘yinlari doirasida shakllangan do‘stona muloqot Toshkent va Nagoya shaharlari o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlaydi. Bu sa’y-harakatlar kelgusida o‘zaro anglashuv va do‘stlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston sport delegatsiyasining barcha a’zolariga mustahkam sog‘liq, kelgusi faoliyatlarida yanada ulkan muvaffaqiyat, O‘zbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi