O‘zbekistonning sport sohasidagi tajribasi Kanada va Kosta-Rika mutaxassislarida qiziqish uyg‘otmoqda

Noyabr 27, 2026. 13:00 • 2 daq

• 90
O‘zbekistonning sport sohasidagi tajribasi Kanada va Kosta-Rika mutaxassislarida qiziqish uyg‘otmoqda

NYU-YORK, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. Kanada va Kosta-Rikaning yakkakurash bo‘yicha mutaxassislari O‘zbekistonning sport sohasidagi yutuqlari bilan tanishib, mamlakatning sport tizimi va milliy kurash turlariga yuqori baho berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda yosh sportchilarni tayyorlash, sport ta’limi, xalqaro musobaqalar o‘tkazish va milliy sport turlarini chet elda ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning muhim qismini gumanitar hamkorlik tashkil etadi. O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi ko‘magida 2025-yilda Xalqaro turon federatsiyasi tuzildi. Ushbu federatsiya turli davlatlar, jumladan, Kanada va Lotin Amerikasi sport jamoatchiligi bilan faol aloqalarni rivojlantirmoqda.

“Turon” ijroiya qo‘mitasi a’zosi, kanadalik mutaxassis Enrike Matute 2025 va 2026-yillarda O‘zbekistonda bo‘ldi. U sport ta’limi muassasalari, atletlarni tayyorlash tizimi hamda xalqaro musobaqalarning tashkiliy jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Zamonaviy sport inshootlari, murabbiylarning malakasi, sport tibbiyotining taraqqiyoti va sportchilarga individual yondashuv unda alohida taassurot qoldirdi. U dzyudo bo‘yicha bellashuvlarni kuzatdi hamda 2026-yil iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan turon milliy jang san’ati bo‘yicha jahon kubogiga tashrif buyurdi.

Ko‘p yillar davomida dzyudo, sambo va boshqa yakkakurash turlari bilan shug‘ullanib kelayotgan mutaxassis musobaqalarning yuksak saviyada tashkil etilgani hamda milliy sport turlari xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Uning fikricha, mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlar davlat rahbariyatining sport taraqqiyotiga qaratayotgan izchil e’tiboridan dalolat beradi. Enrike Matute Kanadada yoshlarning jismoniy va axloqiy tarbiyasi vositasi sifatida turonni rivojlantirishga ko‘maklashish niyatida.

Kosta-Rika vakili, dzyudo va kurash bo‘yicha xalqaro toifadagi murabbiy Luis Enrike Bogantes ham sportning tarbiyaviy ahamiyatiga xuddi shunday yuqori baho berdi.

Uning qayd etishicha, O‘zbekistonning milliy yakkakurash turlari nafaqat sport tayyorgarligi, balki yoshlarda intizom, mas’uliyat va atrofdagilarga hurmat tuyg‘usini shakllantirishda ham beqiyos o‘rin tutadi. U Kosta-Rikaning ta’lim va yoshlar dasturlarida mazkur yo‘nalishlardan foydalanish istiqbollarini qayd etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish