Logo

Nemis nashri: FIFA–2026da O‘zbekiston joylashgan guruh bo‘yicha tahlillar eʼlon qilindi

Aprel 27, 2026. 12:25 • 2 daq

384
Nemis nashri: FIFA–2026da O‘zbekiston joylashgan guruh bo‘yicha tahlillar eʼlon qilindi

BERLIN, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning sportga ixtisoslashgan “Wette” onlayn nashrida futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionatining guruh bosqichlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, “K” guruhida O‘zbekiston terma jamoasi Portugaliya, Kolumbiya va Kongo jamoalari bilan kuch sinashadi. FIFA reytingiga ko‘ra, (2026-yil aprel holatiga ko‘ra), Portugaliya – 7-o‘rin, Kolumbiya – 16-o‘rin, Kongo Demokratik Respublikasi – 54-o‘rin, O‘zbekiston esa 59-o‘rinni egallab turibdi.

Ekspertlar ushbu ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, Portugaliyani guruhning asosiy favoriti sifatida baholamoqda. Ayniqsa, Krishtianu Ronaldu uchun bu jahon chempionati faoliyatidagi so‘nggisi bo‘lishi mumkin. U 2006-yildan buyon har bir mundialda gol urgan yagona futbolchi sifatida eʼtirof etilgan.

Maqolada taʼkidlanishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi salohiyati to‘liq taʼriflanmagan va u raqiblar uchun sirli va kutilmagan natijalar ko‘rsatish imkoniga ega ishtirokchi sifatida baholanmoqda.

O‘zbekistonning ushbu nufuzli musobaqadagi ishtiroki tarixiy ahamiyatga ega. Jamoa ilk bor jahon chempionatida qatnashmoqda. Jamoada xalqaro darajadagi futbolchilar – Eldor Shomurodov, Abduqodir Husanov, Jaloliddin Masharipov, Abbosbek Fayzullayev, Otabek Shukurov kabi iqtidorli o‘yinchilar borligini unutmaslik kerak.

Guruh o‘yinlari 2026-yil 17–27-iyun kunlari AQSH va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Jumladan:

18-iyun kuni Mexikoda – O‘zbekiston–Kolumbiya.

22-iyun kuni Xyustonda – Portugaliya–O‘zbekiston.

27-iyun kuni Gvadalaxarada – Kongo DR–O‘zbekiston.

Nemis saytida qayd etilishicha, O‘zbekiston terma jamoasi o‘z ishtirokini 18-iyun kuni Kolumbiyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Tahlilchilarning fikricha, O‘zbekiston jamoasi kutilmagan natijalar qayd etishi va guruhda intriga yaratishi ham mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish