O‘zbekistonlik muay-tay sportchisi “ONE Championship” jahon chempionlik unvoni uchun kurashadi
Iyun 05, 2026. 09:55 • 2 daq
• 131
BANGKOK, 5-iyun. /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxonada muay-tay bo‘yicha o‘zbekistonlik sportchi Aslamjon Ortiqov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda, shuningdek, “TC Muay Thai” maktabi rahbariyati vakili Pattaniya Veychao Chen va sportchining bosh murabbiyi Tanyachanit Imsompxot ishtirok etdi.
Suhbat davomida Aslamjon Ortiqov sportdagi ilk tayyorgarligini “Sport Club Shakhriyor” klubida boshlagani, oxirgi to‘rt yildan buyon esa professional faoliyatini Bangkokdagi “TC Muay Thai” maktabida davom ettirayotgani qayd etildi. U 2025-yilning o‘rtalariga kelib professional sportda 22–0 rekordi bilan mag‘lubiyatsiz seriyasini saqlab qolgan. “ONE Championship” turnirlari doirasidagi qator g‘alabalari tufayli sportchi tashkilotning eng istiqbolli yosh jangchilari qatoridan joy oldi.
Joriy yilning 26-iyun kuni Bangkokdagi “Lumpini” (Lumpinee Boxing Stadium) stadionida “ONE Flyweight Muay Thai” yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionlik unvoni uchun jang bo‘lib o‘tadi. Hamyurtimizga dog‘istonlik sportchi Asadula Imangazaliyev raqiblik qiladi.
Ta’kidlash joizki, mahalliy sport nashrlari bo‘lajak jang yuqori texnik darajada va jozibali o‘tishini prognoz qilmoqda. Sport ekspertlarining fikriga ko‘ra, ushbu jangda ikki nafar yosh va mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan sportchi to‘qnash keladi, uning natijasi esa divizionning kelajakdagi yetakchisini aniqlab berishi mumkin.
O‘z navbatida, konsullik muassasasi xodimlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘zbek sportchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladilar. Xususan, butun mamlakat bo‘ylab zamonaviy sport infratuzilmasi yaratilayotgani, xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindorlariga salmoqli moliyaviy rag‘batlar berilayotgani, sportchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishidagi imtiyozlar, shuningdek, tajribali sportchilarning faoliyatini yakunlaganidan so‘ng murabbiylik va jamoatchilik sohasida bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

FIFA xavfsizlik nuqtayi nazaridan JCH–2026 stadionlariga ko‘p martalik idishlarni olib kirishni taqiqlaydi

Edmontonda O‘zbekiston futbol jamoasiga vatandoshlar va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari vakillari faol muxlislik qildi


