O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida triatlon bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi
Iyun 21, 2026. 12:30 • 2 daq
• 190MADRID, 21-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi diplomatlari Xalqaro triatlon ittifoqi prezidenti Antonio Fernandes Arimani hamda Ispaniya triatlon federatsiyasi prezidenti Xose Idalgo bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida triatlon sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildi.
Ispaniyalik hamkorlar 2026-yil aprel oyida O‘zbekistonga uyushtirilgan tashrif natijalarini yuqori baholab, uning doirasida ikki mamlakat triatlon federatsiyalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanganini ta’kidladi. Tomonlarning fikricha, navbatdagi bosqich erishilgan kelishuvlarni amalda tatbiq etish va qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ladi.
Uchrashuvda sportchilarni tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ispaniya tomoni istiqbolli sportchilarni saralab olish uchun joriy oyda O‘zbekistonga bir guruh mutaxassislarni yuborishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumot berdi. Saralashdan o‘tgan sportchilar Ispaniyadagi ixtisoslashtirilgan o‘quv-mashg‘ulot markazlarida o‘z tayyorgarligini davom ettirishi va mahoratini oshirishi ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, Toshkentda bunyod etilayotgan Olimpiya shaharchasi hududida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun xalqaro triatlon akademik markazini tashkil etish tashabbusini ham muhokama qildi. Ispaniyalik hamkorlarning fikricha, ushbu loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonda sportchilar, murabbiylar va soha mutaxassislarini tayyorlaydigan zamonaviy mintaqaviy sport xabini shakllantirish imkonini beradi.
Muzokaralarda hamkorlikni yanada mustahkamlash, sohaviy tashkilotlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish hamda sportchilarni tayyorlash, sport ta’limi va xalqaro musobaqalar o‘tkazish yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan tomonlar birdek manfaatdor ekani ma’lum qilindi.
Uchrashuv so‘nggida Xalqaro triatlon ittifoqi hamda Ispaniya triatlon federatsiyasi prezidentlariga O‘zbekiston triatlon federatsiyasi nomidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

