O‘zbekiston va BAA oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik hamkorlik kengaytirilmoqda

Iyun 21, 2026. 17:00 • 2 daq

73
O‘zbekiston va BAA oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik hamkorlik kengaytirilmoqda

ABU-DABI, 21-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari BAAning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan Al-Ayn universiteti raisining o‘rinbosari doktor Nur Aldin Subhi Atatreh bilan uchrashuv o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va BAA o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki mamlakat universitetlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri akademik aloqalarni kengaytirish hamda qo‘shma ta’lim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar tizimida ta’lim yo‘nalishi ustuvor ahamiyat kasb etayotgani alohida qayd etildi. Tomonlar talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda o‘quv jarayonlariga eng zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Doktor Nur Aldin Atatreh xorijlik diplomatlarga Al-Ayn universitetining ta’lim dasturlari, nufuzli xalqaro reytinglardagi o‘rni, ilmiy-tadqiqot faoliyati va xorijiy sheriklar bilan yo‘lga qo‘yilgan muvaffaqiyatli hamkorlik tajribasi haqida batafsil ma’lumot berdi. E’tirof etilganidek, universitet rahbariyati xalqaro sheriklik aloqalarini, xususan, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni rivojlantirishga katta qiziqish bildirmoqda.

Uchrashuv davomida ta’lim sifatini oshirish, innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish va yosh mutaxassislarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Bunda ta’lim tizimining raqamli transformatsiyasi, o‘quv jarayoniga sun’iy intellekt yechimlarini integratsiya qilishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish, aniq loyihalar bo‘yicha ishchi muloqotlarni davom ettirish hamda kelgusida rasmiy hamkorlik mexanizmlari va tegishli hujjatlarni shakllantirish yuzasidan kelishib oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish