“EU Reporter”: “O‘zbekiston–2030” strategiyasi zamonaviy metodlarga moslashtirilmoqda
Yanvar 10, 2026. 14:07 • 2 daq
• 83
BRYUSSEL, 12-yanvar. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning yetakchi elektron nashri “EU Reporter”da “O‘zbekiston–2030” strategiyasining nima sababdan takomillashtirilayotgani yuzasidan maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish vazifasini qo‘ygan. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatni rivojlantirishning o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim dasturiy hujjat sifatida qaraladi. Unda islohotlarning umumiy mantig‘i, Yangi O‘zbekistonni barpo etishning ustuvor maqsadlari va amaliy mexanizmlari jamlangan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, davlat boshqaruvi, inson huquqlarini taʼminlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishildi. Bu jarayonda albatta “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi muhim manba bo‘lib xizmat qildi. Biroq jamiyat hayoti va global jarayonlar doimiy ravishda yangilanib bormoqda. Yangi iqtisodiy sharoitlar, texnologik o‘zgarishlar va xalqaro maydondagi dinamika davlat siyosati oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Shu bois “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini mavjud real sharoit, aholi ehtiyojlari hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Muallifning aytishicha, takomillashayotgan strategiyaning markazida davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan asosiy g‘oya – “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil turadi. Yangi tahrirda strategiya ushbu g‘oyani amaliy mazmun bilan boyitib, mamlakat rivojlanishini yana-da samarali, natijaga yo‘naltirilgan va hisobdor tizim asosida davom ettirishni ko‘zlaydi.
Strategiyani takomillashtirish jarayonida uning doirasida erishilgan natijalar chuqur tahlil qilinib, mavjud muammolar inobatga olinmoqda. Shu bilan birga, maqsadlarga erishishni aniq o‘lchash imkonini beruvchi samaradorlik ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Har bir aniq maqsad uchun masʼul davlat organi belgilanib, zarur moliyaviy manbalar ochiq ko‘rsatilishi strategiya ijrosida javobgarlik va hisobdorlikni kuchaytiradi.
Yana bir muhim jihat – strategiyaning har bir fuqaro uchun tushunarli va hayotiy bo‘lishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi shunday shakllantirilmoqdaki, har bir inson undan o‘z hayoti, oilasi va farzandlari kelajagi uchun qanday amaliy foyda borligini ko‘ra olsin. Yaʼni strategiya umumiy shiorlar emas, balki kundalik hayotda seziladigan aniq o‘zgarishlar manbai bo‘lishi lozim.
Eng muhim prinsipial jihatlardan biri – strategiyaning xalq bilan maslahatlashuv asosida takomillashtirilishidir. Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, aholi, ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlarining takliflari inobatga olinadi. Chunki faqat jamoatchilik fikrini o‘zida aks ettirgan hujjatgina hayotiy va samarali bo‘lishi mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi