Ashxobodda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi
Yanvar 30, 2026. 15:22 • 2 daq
• 98
ASHXOBOD, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Turkmanistondagi elchixonasida “O‘zbekiston–2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Turkmanistonning ekspert-tahlil doiralari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Brifing davomida qatnashchilarga strategiyaning mazmun-mohiyati, ustuvor yo‘nalishlari, belgilab berilgan maqsadlar, shuningdek, hozirga qadar erishilgan natijalar atroflicha taqdim etildi.
O‘zbekistonning 2023-yil 11-sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning o‘rta va uzoq muddatli barqaror rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan asosiy dasturiy hujjat ekani taʼkidlandi. Strategiya doirasida 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsad belgilangan bo‘lib, ularning markazida inson, uning qadr-qimmati, huquqlari va manfaatlari turadi.
Shuningdek, o‘tgan davrda strategiyani amalga oshirish doirasida ijobiy natijalarga erishilgani, jumladan, iqtisodiy o‘sish taʼminlangani, ishsizlik va kambag‘allik darajasi qisqartirilgani, investitsiya va eksport salohiyati oshgani aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, jahonda ro‘y berayotgan geosiyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar, texnologik taraqqiyot, ekologik omillar hamda ichki iqtisodiy va demografik jarayonlar strategiyani yangilash zaruratini yuzaga keltirayotgani qayd etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasiga muvofiq, 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasining yangilangan tahriri loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Yangilangan strategiya “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan ochiq va konstruktiv tashqi siyosatni davom ettirishga, mintaqaviy hamkorlikni, shu jumladan Turkmaniston bilan strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi alohida taʼkidlab o‘tildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
