Xitoy robotlari 100 metr masofaga yugurishda Usain Boltdan yaxshiroq natija ko‘rsatdi
Avgust 24, 2026. 14:00 • 2 daq
• 315
PEKIN, 24-avgust. /“Dunyo” AA/. Pekindagi bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon gumanoid robotlar o‘yinlarida Xitoyning “Tiangong Ultra” roboti 100 metr masofani 9,39 soniyada bosib o‘tib, rekordchi Usain Boltdan yaxshiroq natija ko‘rsatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BBC”ga tayanib.
Shu tariqa, Pekin gumanoid robotlar innovatsiya markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Tiangong Ultra” Butunjahon o‘yinlarining yugurish bellashuvida g‘olib chiqdi.
Masofa boshida robot “Honor” smartfon ishlab chiqaruvchisining “Lightning” nomli gumanoid robotidan ortda qolayotgan edi. Biroq marra chizig‘ida undan o‘zib ketdi. “Lightning” esa 9,47 soniya natija qayd etdi.
Har ikki natija ham Usain Boltning 2009-yilda Berlindagi jahon chempionatida o‘rnatgan 9,58 soniyalik jahon rekordidan yuqori bo‘ldi.
Robotlarning marraga yetib kelishi unchalik ham hayratlanarli bo‘lmadi: “Tiangong Ultra” chiziqni kesib o‘tgach, muvozanatini yo‘qotib, yugurish yo‘lakchasi chetiga chiqib ketdi va tomoshabinlar chetga chiqishiga majbur bo‘ldi. “Lightning” esa yiqilib tushdi va zambilda olib chiqib ketildi.
Musobaqa davomida natijalar bir yil avvalgidan yaxshilangani maʼlum bo‘ldi. O‘tgan o‘yinlarda “Tiangong Ultra” yuz metrlik masofani 21,50 soniyada bosib o‘tgandi. Dam olish kunlari Xitoy OAV “Lightning” sinov poygasida 9,32 soniya natija ko‘rsatib, soniyasiga 14,5 metr maksimal tezlikka erishgani haqida xabar berdi.
Xitoyda o‘tkazilayotgan ikkinchi Butunjahon gumanoid robotlar o‘yinlari 26 avgustgacha davom etadi. Unda 16 mamlakat va olti qitʼadan 666 ta jamoaga birlashgan 2056 ta robot ishtirok etmoqda. Bu o‘tgan yilgiga nisbatan qariyb to‘rt baravar ko‘pdir.
Musobaqa dasturi 51 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi, ular orasida yengil atletika, futbol, raqs va amaliy topshiriqlar bor. Ochilish marosimida robotlar ko‘rgazmali futbol o‘yini namoyish etdi, tennis va stol tennisida esa odamlar bilan birga qatnashdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi