O Yon Jin: Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik tobora mustahkamlanmoqda
Avgust 25, 2026. 21:55 • 3 daq
• 238
SEUL, 26-avgust. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning “The Korea Times” gazetasi prezidenti O Yon Jin mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– O‘zbekiston xalqiga ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan tabrik yo‘llash men uchun katta sharaf. “The Korea Times” jamoasi va shaxsan o‘z nomimdan O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston davlatchilikni mustahkamlash, barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlash va xalqaro nufuzini yuksaltirish borasida munosib taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Bugun O‘zbekiston Markaziy Osiyoning muhim va jadal rivojlanayotgan davlatlaridan biri sifatida mintaqaviy va xalqaro jarayonlarda tobora muhim o‘rin egallamoqda.
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining jadal rivojlanayotgani biz uchun alohida ahamiyatga ega. Mamlakatlarni iqtisodiyot, savdo, investitsiyalar, taʼlim, ilm-fan, innovatsiyalar, madaniyat va boshqa sohalardagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan mustahkam aloqalar bog‘lab turadi.
Ishonchim komilki, ikki mamlakat munosabatlarining mustahkam poydevorini nafaqat davlatlararo aloqalar, balki xalqlarimiz o‘rtasidagi bevosita muloqot ham tashkil etadi. Shu bois ommaviy axborot vositalari xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishda muhim o‘rin tutadi.
“The Korea Times” rahbari sifatida koreys va o‘zbek jamiyatlari o‘rtasida o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirishga hissa qo‘shish imkoniyatini yuksak qadrlayman. Mamlakatlarimizda kechayotgan jarayonlar, erishilayotgan yutuqlar va yangi imkoniyatlarni xolis va professional yoritish xalqlarimizning bir-birini yaxshiroq anglashiga, o‘zaro ishonchning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston boy tarixiy va madaniy merosga, ulkan salohiyatga ega. Mamlakatning yosh avlodi esa uning kelgusi taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Kelgusi yillarda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik yanada kengayib, yangi mazmun bilan boyishiga va mamlakatlarimiz hamda xalqlarimiz uchun yana-da ko‘proq imkoniyatlar yaratishiga ishonaman.
Fursatdan foydalanib, o‘zbek xalqiga tinchlik, barqarorlik va yanada yuksak taraqqiyot, xalqingizga esa farovonlik, baxt-saodat va yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik tobora mustahkamlanib, xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonch umumiy muvaffaqiyatli kelajak uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilsin.
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston va Koreya do‘stligi abadiy bo‘lsin!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi