O‘zbekistonlik yoshlar Germaniyadagi xalqaro futbol turnirida sovrindor bo‘ldi

Avgust 26, 2026. 10:00 • 2 daq

6
O‘zbekistonlik yoshlar Germaniyadagi xalqaro futbol turnirida sovrindor bo‘ldi
O‘zbekistonlik yoshlar Germaniyadagi xalqaro futbol turnirida sovrindor bo‘ldi

SHTAYNBAX-XALLENBERG, 26-avgust. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning Tyuringiya federal o‘lkasida taʼlim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar xalqaro futbol turnirida ishtirok etib, sovrindor bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tyuringiya federal o‘lkasi hukumati, Shtaynbax-Xallenberg shahri maʼmuriyati hamda Janubiy Tyuringiya savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada “Ausbildung” dual kasbiy taʼlim dasturi bo‘yicha tahsil olayotgan xorijlik yoshlar ishtirok etdi.

Turnirda 10 ta mamlakat yoshlari o‘zaro bahs olib borishdi. O‘zbekistonlik yoshlardan iborat jamoa musobaqa davomida ishonchli o‘yin namoyish etib, final bosqichiga chiqdi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan hal qiluvchi bahsning asosiy vaqti durrang bilan yakunlandi. G‘olib penaltilar seriyasida aniqlanib, mag‘lubiyatga uchragan jamoamiz faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi.

Tadbir doirasida elchixona vakillari tomonidan Germaniyada taʼlim olayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv ham tashkil etildi.

Muloqot chog‘ida xorijda bo‘lib turgan hamyurtlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani taʼkidlandi. Yurtdoshlarimizga O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi bilan muntazam aloqada bo‘lish lozimligi, zarurat tug‘ilganda diplomatik vakolatxonaga murojaat qilish tavsiya etildi.

Yoshlarimizning Germaniyadagi o‘qish va mehnat sharoitlari, kasbiy taʼlim jarayoni, ish beruvchilar bilan munosabatlar hamda kundalik hayot bilan bog‘liq fikr-mulohaza, taklif va murojaatlari tinglandi. Ularni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli tavsiyalar taqdim etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish