Qatarda o‘zbekistonlik mutaxassislar bir yillik kasbiy taʼlim dasturini muvaffaqiyatli yakunladi
Sentabr 02, 2026. 11:08 • 3 daq
• 86DOHA, 2-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Doha Fan va texnologiyalar universitetida Namangan viloyatidan Qatarga bir yillik kasbiy tayyorgarlik dasturi doirasida yuborilgan 15 nafar yosh mutaxassisga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan o‘quv dasturi 5 ta texnik mutaxassislik yo‘nalishini qamrab oldi va to‘liq grant asosida amalga oshirildi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston elchixonasi, Progressiv islohotlar markazi va Namangan viloyati hokimligi hamkorligida amalga oshirildi.
Dastur mamlakatimizda birinchi O‘zbekiston-Qatar kasbiy ko‘nikmalar markazini tashkil etishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihaning muhim qismi hisoblanadi. Markazni joriy yilda Namangan viloyatidagi texnikum negizida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Qatarda olgan nazariy bilim va amaliy tajribalarini O‘zbekistonga qaytgach, dastur bitiruvchilari yangi markaz faoliyatida qo‘llaydi. Ular markazda menejer va o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritib, har yili 1 ming nafargacha mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashga hissa qo‘shishi kutilmoqda. Tayyorlangan kadrlarni O‘zbekistonda, shuningdek, dunyoning turli mamlakatlarida ish bilan taʼminlash imkoniyatlari yaratiladi.
Loyihaning alohida ahamiyati shundaki, Qatarning zamonaviy kasbiy taʼlim sohasidagi ilg‘or tajribasi bevosita O‘zbekistonning professional taʼlim tizimiga tatbiq etilmoqda. Doha universitetida tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislar ish beruvchilarning real ehtiyojlari hamda xalqaro mehnat bozori talablariga mos, amaliyotga yo‘naltirilgan taʼlim usullarini mamlakatimizda joriy etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Doha fan va texnologiyalar universiteti 2022-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Qatarning texnik va kasbiy kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan birinchi milliy amaliy universiteti hisoblanadi. Muassasada muhandislik texnologiyalari va sanoat mutaxassisliklari, biznes boshqaruvi, hisoblash texnikasi va axborot texnologiyalari kabi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha 70 dan ortiq taʼlim dasturi mavjud. Bundan tashqari, universitet Qatardagi texnik va kasbiy taʼlim va tayyorgarlik sohasidagi yetakchi muassasalardan biri hamda YUNESKOning UNEVOC markazi sifatida faoliyat yuritadi.
Namangan viloyatidan 15 nafar mutaxassisning mazkur dasturni muvaffaqiyatli yakunlashi O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida kasbiy taʼlim sohasidagi hamkorlikning navbatdagi amaliy natijasidir. Ushbu tashabbus ikki mamlakat o‘rtasida taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, milliy va xalqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash tizimini rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


