O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati Pokistonda rasmiy qabul marosimi o‘tkazildi

Sentabr 04, 2026. 12:30 • 4 daq

112
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati Pokistonda rasmiy qabul marosimi o‘tkazildi
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati Pokistonda rasmiy qabul marosimi o‘tkazildi
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati Pokistonda rasmiy qabul marosimi o‘tkazildi

ISLOMOBOD, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Islomobod shahridagi “Mövenpick” mehmonxonasida rasmiy qabul marosimi o‘tkazildi, deb habar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Pokiston hukumati nomidan asosiy mehmon sifatida energetika vaziri Sardar Avays Xan Legari ishtirok etdi. Shuningdek, marosimga Pokiston Prezidentining axborot masalalari bo‘yicha maslahatchisi Murtaza Solangi, Bosh vazirning turizm bo‘yicha maslahatchisi Sardar Yasir Ilyas Xan hamda sanoat bo‘yicha koordinatori Rana Ehson Afzal Xan va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Hamid Asgar Xan tashrif buyurdi.

Bundan tashqari, Pokiston Senati va Quyi palatasi aʼzolari, hukumat vakillari, Qurolli kuchlar, elchilar hamda diplomatlar, davlat va jamoat tashkilotlari, akademik muassasalar, ekspert-tahlil, ishbilarmon doira va mahalliy OAV vakillari, mezbon mamlakatda bo‘lib turgan vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Pokiston Qurolli kuchlari harbiy orkestri ijrosida ikki davlat madhiyalari yangradi.

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev o‘z qutlov nutqida davlat mustaqilligining tarixiy ahamiyatiga to‘xtalib, uning ildizlari xalqimizning uch ming yillik davlatchilik anʼanalari va boy sivilizatsion merosiga borib taqalishini taʼkidladi. Mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi o‘n yil davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda keng ko‘lamli va ortga qaytmas islohotlar amalga oshirilib, inson qadri, huquq va manfaatlari hamda aholi farovonligini taʼminlash davlat siyosatining bosh mezoniga aylangani qayd etildi.

“O‘zbekistonning dunyoga keng ochilgani, Markaziy Osiyoda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlashga katta hissa qo‘shayotgani, iqtisodiyot, taʼlim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va investitsiya sohalarida erishilgan natijalar mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqdi”, – dedi O‘zbekiston elchisi.

Shuningdek, ikki davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlari tufayli O‘zbekiston-Pokiston hamkorligi strategik sheriklikning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi. Oliy darajadagi tashriflar, parlamentlararo va hududlararo aloqalar, savdo-investitsiyaviy hamkorlik hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning kengayishi ikki tomonlama munosabatlarning yuksak surʼatlarda rivojlanayotganini ko‘rsatayotgani taʼkidlandi.

Federal vazir Sardar Avays Xan Legari o‘z nutqida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni, mamlakat hukumati va xalqini davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif nomidan samimiy muborakbod etdi.

“O‘zbekistonning davlat qurilishi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va aholi farovonligini oshirish borasida erishgan yutuqlarini Pokiston tomoni yuksak baholaydi, mamlakatingizga tinchlik, barqarorlik va yana-da ravnaq tilaymiz. Pokiston O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatlardan bir hisoblanadi. Xususan, 2027-yil may oyida ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligini nishonlashga katta tayyorlarlik ko‘ryapmiz,- dedi energetika vaziri Sardar Avays Xan Legari.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar asrlar davomida shakllangan tarixiy va madaniy mushtaraklikka, o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlarga asoslanganini taʼkidladilar. Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning 2025-yil fevral oyida O‘zbekistonga hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil fevral oyida Pokistonga amalga oshirgan tashriflari ikki tomonlama hamkorlikka yangi surʼat bag‘ishlagani bildirildi.

Qabul marosimida ishtirok etgan Pokistonning siyosiy va jamoat arboblari ham O‘zbekiston Prezidenti va xalqini Mustaqillik bayrami bilan samimiy tabriklab, Yangi O‘zbekiston strategiyasida belgilangan ustuvor maqsad va vazifalarni ro‘yobga chiqarishda muvaffaqiyatlar tiladilar.

Tadbir doirasida mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti, shuningdek, tashqi siyosiy faoliyatida erishilayotgan yutuqlar hamda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarining rivojlanish bosqichlariga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etildi. Mehmonlar eʼtiboriga milliy hunarmandchilik buyumlari, o‘zbek milliy liboslari va cholg‘u asboblari namoyish etildi.

Bayram tadbiri O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Markaziy ashula va raqs ansambli sanʼatkorlari tomonidan ijro etilgan milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslardan iborat konsert dasturi bilan davom etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish