Xolid Al-Sulaytiy: O‘zbek madaniyatining o‘ziga xosligi va qadimiy sivilizatsiya bilan bog‘liqligi menda katta taassurot qoldirdi
Sentabr 03, 2026. 18:00 • 4 daq
• 119
DOHA, 3-sentabr. /“Dunyo” AA/. “Katara Cultural Village” madaniyat majmuasi bosh direktori, O‘zbekistonning Qatardagi madaniyat elchisi Xolid Al-Sulaytiy O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Dunyo” axborot agentligiga intervyu berib, O‘zbekiston xalqiga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Janob, O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga qanday tilaklaringiz bor?
– Mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan birodar o‘zbek xalqiga eng samimiy tabriklarimni yo‘llayman. Yurtingizga yana-da taraqqiyot, ravnaq va farovonlik tilayman.
– O‘tgan 35 yillik davr, xususan, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Bu o‘zgarishlarni qanday baholaysiz va ularning qaysi jihatlarini alohida eʼtirof etasiz?
– O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti modernizatsiya, ochiqlik va barqaror rivojlanishga qaratilgan aniq yondashuvni namoyon etmoqda.
Mamlakatning milliy va madaniy o‘ziga xosligini saqlagan holda kelajak sari ishonch bilan qadam tashlayotgani kishini hayratga soladi. Madaniyat sohasi vakillari sifatida biz uchun bunday muvozanat juda muhim. Chunki haqiqiy rivojlanish o‘z tarixidan voz kechish degani emas. Aksincha, bu o‘z ildizlariga tayanish, madaniyat va merosni asrash bilan birga dunyoga ochilib, taraqqiyot bilan hamqadam bo‘lishdir.
– Qatar va O‘zbekiston o‘rtasida, jumladan, madaniyat va merosni asrash sohasidagi munosabatlarning hozirgi darajasini qanday baholaysiz?
– Biz Qatar va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni alohida va jadal rivojlanayotgan aloqalar sifatida baholaymiz. So‘nggi yillarda ular turli sohalarda, ayniqsa, madaniyat yo‘nalishida sezilarli darajada kengaydi.
“Katara Cultural Village” madaniyat majmuasi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik va qo‘shma loyihalarni doim qo‘llab-quvvatlab kelgan. Zero, madaniyatlararo muloqot xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va ularni yaqinlashtirishda muhim ko‘prik vazifasini o‘taydi.
O‘zbekistonning erishgan yutuqlari va taraqqiyot yo‘lini namoyish etish xalqning yana-da farovon kelajakka intilishini aks ettiruvchi yaxshi imkoniyatdir. Biz hamkorlikni yana-da rivojlantirish, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qiladigan yangi qo‘shma madaniy-maʼrifiy tadbirlar va tashabbuslarni amalga oshirishdan umidvormiz.
– Yaqinda O‘zbekistonning Qatardagi madaniyat elchisi etib tayinlandingiz. Bu lavozim Siz uchun qanday ahamiyatga ega va ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda nimalarga eʼtibor qaratasiz?
– O‘zbekistonning Qatardagi madaniyat elchisi etib tayinlanganim men uchun katta sharaf. Bu ishonch va eʼtirofni yuksak qadrlayman. Ushbu tayinlovni “Katara Cultural Village” madaniyat majmuasining madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishdagi rolini yana-da oshirish imkoniyati sifatida qabul qilaman.
Qatar va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. Bunda ikki xalq o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.
Jamg‘armamiz o‘n yildan ortiq vaqtdan buyon O‘zbekiston bilan hamkorlik qilib kelmoqda. 2013-yildan boshlab jamoatchilikni o‘zbek sanʼati va madaniy merosi bilan tanishtirishga qaratilgan tadbirlar, qo‘shma loyihalar, madaniy uchrashuvlar va turli tashabbuslarni amalga oshirmoqdamiz.
O‘zbekistonning o‘ziga xos jihatlaridan biri uning boy madaniy merosi va jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasidir. Mamlakatlarimiz aholisini ikki xalqning boy madaniyati bilan yaqindan tanishtirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladigan yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda davom etamiz.
– “Katara Cultural Village” madaniyatlararo muloqot maydoni hisoblanadi. O‘zbek madaniyati va merosi – uning Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq tarixi, meʼmorchiligi va sanʼati haqida qanday taassurotlaringiz bor?
– O‘zbek madaniyati Sharq va G‘arb o‘rtasidagi muhim chorraha bo‘lgan qadimiy sivilizatsiyasi bilan menda chuqur taassurot qoldirgan. Ayniqsa, o‘zbek meʼmorchiligining boyligi, anʼanaviy hunarmandchilik va sanʼat turlarining rang-barangligi meni hayratga soladi.
Biz madaniy merosni faqat asrab-avaylanishi va eʼzozlanishi lozim bo‘lgan o‘tmish emas, balki muloqot va kelajakni barpo etish uchun muhim manba ekaniga ishonamiz. O‘zbekiston boy sivilizatsion merosi va milliy o‘ziga xosligini ochiqlik bilan uyg‘unlashtira olishi bilan ajralib turadi.
Qatar va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy almashinuvning kengayishi mamlakatlarimiz uchun innovatsiyalar, hamkorlik va mazmunli muloqot borasida yangi imkoniyatlar yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi