Maksim Krupeychenko: O‘zbekistonda zamonaviy va raqobatbardosh biznes muhiti yaratilmoqda

Avgust 22, 2026. 14:30 • 2 daq

152
Maksim Krupeychenko: O‘zbekistonda zamonaviy va raqobatbardosh biznes muhiti yaratilmoqda

MINSK, 22-avgust. /"Dunyo" AA/. Belarusning yetakchi tadbirkorlardan biri, "Metallopsbit" MCHJ bosh direktori Maksim Krupeychenko "Dunyo" AAga bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidentining 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlariga izoh berdi:

– O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslari mahalliy va xorijiy biznes uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

Ayniqsa, moliyalashtirish imkoniyatlarining kengayganini alohida ta’kidlamoqchiman. Yangi ish boshlayotgan tadbirkorlar 200 million so‘mgacha bo‘lgan garovsiz kreditlar olishi, yagona raqamli portal orqali esa 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlarni onlayn rasmiylashtirishi mumkin.

Investitsiyalar uchun shart-sharoitlar ham sezilarli darajada yaxshilanmoqda. Davlat aktivlarini xarid qilishdagi dastlabki to‘lov miqdori 30 foizdan 15 foizga kamaytirilmoqda. Ayrim hollarda qolgan summani 7-yilgacha foizsiz to‘lash imkoniyati ham beriladi.

Yangi sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirish uchun 50 million dollar yo‘naltiriladi. Yana kamida 100 million dollar sun’iy intellektni joriy etishga ajratiladi. Bunda tadbirkorlarga ushbu xarajatlarning 50 foizi kompensatsiya qilib beriladi.

Biznesning tashqi bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash ham alohida ahamiyatga ega. Bu maqsadlar uchun kamida 1 milliard dollar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, eksport va ma’muriy tartib-taomillar soddalashtirilmoqda.

Ushbu qarorlarning barchasi O‘zbekiston zamonaviy, ochiq va raqobatbardosh biznes muhitini yaratish bo‘yicha izchil siyosat olib borayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, bunday keng ko‘lamli o‘zgarishlar O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35-yilligi nishonlanayotgan yilda amalga oshirilayotgani alohida ahamiyatga ega.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini Mustaqillikning 35-yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Mamlakatingizga yanada taraqqiyot, barqaror iqtisodiy o‘sish va yangi ulkan yutuqlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va muvaffaqiyatlar tilayman.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish