Toshkentda “CAITME 2026” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi

Sentabr 08, 2026. 15:30 • 2 daq

179
Toshkentda “CAITME 2026” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi
Toshkentda “CAITME 2026” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi
Toshkentda “CAITME 2026” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi
Toshkentda “CAITME 2026” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi
Toshkentda “CAITME 2026” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi
Toshkentda “CAITME 2026” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi

TOSHKENT, 8-sentabr. /“Dunyo” AA/. Bugun “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida 17-Markaziy Osiyo xalqaro to‘qimachilik uskunalari – CAITME 2026 ko‘rgazmasi ish boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ko‘rgazmada Xitoy, Turkiya, Germaniya, Italiya, Hindiston, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, BAA, AQSH, Shveysariya, Yaponiya va boshqa davlatlar qatori 18 mamlakatdan 250 dan ziyod kompaniya va brendlar qatnashmoqda. Xorijiy ishtirokchilarning ulushi 83 foizni tashkil etadi.

“O‘zekspomarkaz”ning barcha pavilyonlarida taqdim etilgan ekspozitsiya yigiruv, to‘quv va trikotaj texnologiyalari, tikuvchilik uskunalari, to‘qimachilikka ishlov berish, bo‘yash va bosma, kimyoviy moddalar va bo‘yoqlar sohasidagi yechimlarni qamrab olgan.

To‘qimachilik ishlab chiqarishini avtomatlashtirish, samaradorligini oshirish va ekologik barqarorligini taʼminlashning zamonaviy texnologiyalari “CAITME 2026” ko‘rgazmasining asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. To‘qimachilik chiqindilarini aqlli texnologiyalar yordamida qayta ishlash va aylanma iqtisodiyot tamoyillarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ko‘rgazma doirasida Yevropa va Osiyoning yetakchi to‘qimachilik uskunalari ishlab chiqaruvchilari korxonalarni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish va mahsulot raqobatbardoshligini oshirishga oid innovatsion yechimlarni taqdim etmoqda.

Tashkilotchilarning maʼlumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonning to‘qimachilik sanoatiga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 2,1 milliard AQSH dollarini tashkil etgan.

Mazkur ko‘rgazma “Global Textile Days” to‘qimachilik haftaligi doirasida o‘tkazilmoqda. Dasturdan “TextileExpo Uzbekistan Sourcing Hub” platformasida bo‘lib o‘tadigan B2B formatidagi uchrashuvlar ham o‘rin olgan. Mazkur uchrashuvlarda ishlab chiqaruvchilar, importchilar, distribyutorlar, savdo tarmoqlari va elektron tijorat vakillari o‘zaro fikr-mulohaza almashadi.

CAITME ko‘p yillardan buyon Markaziy Osiyodagi yirik ixtisoslashtirilgan maydonlardan biri bo‘lib, mintaqaning to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatiga zamonaviy texnologiyalar, sarmoyalar va yangi ishbilarmon hamkorlarni jalb etishga xizmat qilmoqda.

Ko‘rgazma 10-sentabrga qadar davom etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish