“AJP” gazetasi: O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasida global ahamiyatga molik tashabbuslarni ilgari surdi
Sentabr 30, 2026. 12:00 • 2 daq
• 102
SЕUL, 30-sentabr. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning “AJP” gazetasida O‘zbekiston vakillarining Bosh Assambleyaning 81-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi O‘zbekiston tashqi siyosatida yangi bosqich bo‘ldi. Nyu-Yorkda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar mamlakatning ichki islohotlari, Markaziy Osiyoda shakllanayotgan yangi hamkorlik muhiti va global muammolarga yechim izlash o‘rtasidagi bog‘liqlik tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatdi.
Eng muhimi, O‘zbekiston endi xalqaro kun tartibiga munosabat bildirish bilan cheklanib qolmay, uning kelajakdagi yo‘nalishini shakllantirishga xizmat qiladigan takliflarni ilgari surmoqda.
Xalqaro tizim jiddiy sinovlardan o‘tmoqda. Qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda, geosiyosiy keskinlik kuchaymoqda va davlatlar o‘rtasidagi ishonch susaymoqda. Iqlim o‘zgarishi, demografik siljishlar, suv va oziq-ovqat xavfsizligi, texnologik tengsizlik va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi hech bir davlat yakka holda hal qila olmaydigan muammolarga aylandi.
Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida ilgari surgan pozitsiyasining markaziga inson qadri, tinchlik va hamkorlikni qo‘ydi. O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Bosh Assambleyaning umumiy munozaralarida mamlakat nomidan nutq so‘zladi. Uning rasmiy bayonotida mamlakat tanlagan yo‘l uchta tamoyil bilan belgilandi: ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va dunyo bilan muloqot.
Bu, avvalambor, O‘zbekiston ichki va tashqi siyosati o‘rtasidagi uyg‘unlik tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. Inson qadri mamlakatdagi islohotlarning asosiy mezoniga aylangani kabi, tinchlik, taraqqiyot va inson qadri mamlakatning xalqaro faoliyatida ham tobora uzviy maqsadlar sifatida qabul qilinmoqda.
O‘zbekistonning BMT minbaridan turib bayon etgan asosiy pozitsiyalaridan biri davlat qudratining asl mohiyati bilan bog‘liq bo‘ldi. Ta’kidlandiki, davlatning haqiqiy kuch-qudrati faqat uning harbiy yoki iqtisodiy salohiyati bilan emas, balki, eng avvalo, inson qadr-qimmati, huquqlari va manfaatlarini himoya qilish qobiliyati bilan o‘lchanishi lozim.
Ushbu yondashuv xalqaro munosabatlar uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Global muammolarni hal qilishda faqat iqtisodiy o‘sish yoki xavfsizlikning o‘zi yetarli emas. Har bir qarorning insonlar hayoti va kelajagiga ta’siri asosiy mezon bo‘lishi kerak.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi