O‘zbekiston va Belarus mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Iyul 21, 2026. 12:00 • 2 daq
• 207
MINSK, 21-iyul. /“Dunyo” AA/. Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Elyor Toshtemirov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi xizmat safari bilan Belarusda bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan “Minsk avtomobil zavodi” OAJ rahbariyati hamda mazkur korxonada mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
“Minsk avtomobil zavodi” OAJ bosh direktori Valeriy Ivankovich bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda korxonadagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga O‘zbekiston fuqarolarini jalb qilish, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish va ishga qabul qilish jarayonlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar korxona ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekistondan malakali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlikni yana-da faollashtirishga kelishib oldilar.
Safar doirasida delegatsiya zavod hududida yaqinda foydalanishga topshirilgan yangi ishlab chiqarish korpusini ham ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, mazkur korxonada mehnat faoliyatini olib borayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimizda tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijda bo‘lib turgan vatandoshlarga ko‘rsatilayotgan konsullik, huquqiy va amaliy ko‘mak choralari haqida maʼlumot berildi. Shu bilan birga, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Tashrif yakunida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, fuqarolarni xavfsiz, qonuniy va munosib mehnat sharoitlari bilan taʼminlash yuzasidan o‘zaro hamkorlikni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi