O‘zbekiston delegatsiyasi AQShdagi uchrashuvlarda konsullik-huquqiy faoliyat hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Aprel 08, 2026. 15:38 • 2 daq
• 247
TOSHKENT, 8-aprel. /“Dunyo” AA/. Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Migratsiya agentligi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi hamda Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida AQShning tegishli vazirlik va idoralarida qator konstruktiv uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, AQSh Mehnat vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zaro ishonchning yuqori darajasi va O‘zbekiston-Amerika strategik sheriklik munosabatlarining izchil rivojlanayotgani alohida qayd etildi.
Amerika tomoni O‘zbekistonda majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni, shuningdek migratsiya masalalaridagi samarali hamkorlikni, jumladan AQShdan O‘zbekiston fuqarolarini tashkil etilgan tartibda repatriatsiya qilish amaliyotini yuqori baholadi.
Muzokaralar davomida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari, xususan, O‘zbekistonning H-2A mavsumiy ishchi vizalari dasturida ishtirok etishi masalasi ko‘rib chiqildi.
Delegatsiyaning AQSh Davlat departamentiga tashrifi doirasida ikki tomonlama munosabatlarning barqaror ijobiy dinamikasi va siyosiy muloqotning yuqori darajasi qayd etildi. O‘zbekistonning AQSh uchun strategik ahamiyati alohida taʼkidlandi.
Siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha axborot almashinuvini davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Vashington shahridagi O‘zbekiston elchixonasida AQSh Qishloq xo‘jaligi sohasidagi ish beruvchilar milliy kengashi (NCAE) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, delegatsiya Filadelfiya va Nyu-York shaharlarida o‘tkazilgan ish beruvchilar va vatandoshlar forumida ishtirok etdi. Ushbu forumning avlodlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida madaniy-maʼrifiy tashabbuslar va milliy qadriyatlarni rivojlantirish, shuningdek ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish orqali O‘zbekistondan mehnat resurslarini jalb etish istiqbollarini shakllantirishdagi ahamiyati alohida qayd etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi