Logo

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasida Ukrainaning yirik biznes vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

May 06, 2026. 12:25 • 2 daq

57
O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasida Ukrainaning yirik biznes vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasida Ukrainaning yirik biznes vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasida Ukrainaning yirik biznes vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

KIYEV, 6-may /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi vakillari mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida Ukrainadagi yirik kompaniyalar rahbarlari va investorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur uchrashuv “Kiyev xalqaro iqtisodiy forumi” va “Sense Bank” hamkorligida ishlab chiqilgan “Global Today” dasturi doirasida tashkil etildi.

Tadbirda “MEGOGO”, “MTI GROUP”, “UNIT.City”, “MXP (Myronivsky Hliboproduct)”, “Sense Bank”, “Uklon”, “Biosfera”, “Darnitsa”, “Idea Bank” kabi 60 dan ortiq yirik kompaniya vakillari ishtirok etdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston elchisi Alisher Kurmanov mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, soliq imtiyozlari, amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar hamda transport-logistika imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi. U O‘zbekistonda investitsiya muhiti izchil yaxshilanib borayotganini alohida taʼkidladi.

Ukrainalik tadbirkorlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi jozibador va istiqbolli bozor sifatida baholab, mamlakatdagi barqaror iqtisodiy o‘sish hamda ochiq investitsiya siyosatiga yuqori baho berdi.

Jumladan, “Uklon” kompaniyasi Toshkentda 10 million dollardan ortiq investitsiya kiritganini va O‘zbekiston bozorida faoliyatni yana-da kengaytirish niyatida ekanini maʼlum qildi. Farmatsevtika sohasidagi “Darnitsa” kompaniyasi esa O‘zbekistonni o‘zining strategik bozorlaridan biri sifatida ko‘rayotganini bildirdi.

AKT sohasida faoliyat yurituvchi “Sigma Software” va boshqa kompaniyalar O‘zbekistondagi kadrlar salohiyati, soliq imtiyozlari hamda raqamli iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Shuningdek, bir qator kompaniyalar O‘zbekistonda ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va mahalliy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar shu yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro investitsiya forumiga taklif etildi. O‘zbekiston tomoni har bir investor bilan alohida ishlash, loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish