O‘zbekiston diplomatlari Sverdlovsk viloyatidagi mehnat muhojirlari bilan muloqot qildi
May 13, 2026. 16:55 • 2 daq
• 51
YEKATERINBURG, 13-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakillari Rossiyaning Sverdlovsk viloyatidagi “Spetsavtobaza” MCHJda ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir davomida vatandoshlarga konsullik va huquqiy masalalar, jumladan, pasport rasmiylashtirish, O‘zbekistonda berilgan hujjatlardan Rossiya hududida foydalanish tartibi hamda boshqa dolzarb mavzular bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston rahbariyati tomonidan xorijda yashayotgan va mehnat qilayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan siyosat, vatandoshlarga ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash va g‘amxo‘rlik haqida maʼlumot berildi.
Vatandoshlarga Rossiya qonunchiligiga, jamoat tartibi va odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilish zarurligi eslatildi. Shu bilan birga, diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi hamda ijtimoiy tarmoqlardagi noqonuniy faoliyat xavflariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bosh konsulxona vakillari fuqarolarni xorijiy davlatlar hududidagi qurolli to‘qnashuvlarda, jumladan, xorijiy armiyalar yoki xususiy harbiy kompaniyalar tarkibida ishtirok etmaslik haqida ogohlantirdi. Bunday harakatlar O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi taʼkidlandi.
Suhbat yakunida vatandoshlar bunday muloqot va uchrashuvlar, shuningdek, xorijdagi fuqarolarga ko‘rsatilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




