O‘zbekistonlik hamshiralarni AQSh tibbiyot muassasalariga jalb etish masalasi muhokama qilindi

Avgust 07, 2026. 13:00 • 2 daq

117
O‘zbekistonlik hamshiralarni AQSh tibbiyot muassasalariga jalb etish masalasi muhokama qilindi

SIETL, 7 avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari AQShning inson kapitali va kadrlar taʼminoti sohasidagi yirik kompaniyalaridan biri – “Korn Ferry” rahbariyati bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda kompaniyaning Yaqin Sharq va Afrika bo‘yicha sog‘liqni saqlash va taʼlim xizmatlari yo‘nalishi hamkori Suellen Tomlinson, global sog‘liqni saqlash xizmatlari yo‘nalishi vakili Mitul Modi hamda “Korn Ferry Health”ning operatsion direktori Liz Bikli ishtirok etdi.

Muzokaralarning asosiy mavzusi o‘zbekistonlik hamshiralarni AQSh tibbiyot tizimi talablariga muvofiq qo‘shimcha tayyorlash, sertifikatlash va litsenziyalash, ularni Amerika sog‘liqni saqlash muassasalariga tartibli, xavfsiz va o‘zaro manfaatli asosda jalb etish imkoniyatlari bo‘ldi.

AQSh vakillariga O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasini tizimli tashkil etish, xorijiy ish beruvchilar bilan markazlashgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislarni maqsadli tayyorlash hamda ularning xorijdagi huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Kompaniya xodimlari AQSh sog‘liqni saqlash tizimida hamshiralar va yordamchi klinik-texnik mutaxassislarga ehtiyoj mavjudligini taʼkidladi. Qator tibbiyot tizimlari xalqaro ishchilarni yollashga ochiqligi, ayniqsa klinik tayyorgarligi va ingliz tili darajasi yuqori bo‘lgan, litsenziyalash talablariga javob beruvchi xorijiy mutaxassislarga talab katta ekani qayd etildi.

“Korn Ferry” rahbariyati O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbusga katta qiziqish bildirdi hamda uni AQShdagi manfaatdor tibbiyot tizimlari, ish beruvchilar va hamshiralik taʼlimi muassasalari bilan muhokama qilishga tayyorligini maʼlum qildi.

Muzokaralarda “Korn Ferry” tomonidan salohiyatli ish beruvchilarning kadrlarga bo‘lgan aniq ehtiyoji, talab qilinadigan mutaxassisliklar, nomzodlarning malaka darajasi va tayyorgarlik mezonlarini o‘rganishga kelishildi. Shuningdek, O‘zbekiston va AQShdagi hamshiralarni tayyorlash tizimlari o‘rtasidagi tafovutlarni, jumladan, til, klinik tayyorgarlik, malakani tan olish, litsenziyalash va immigratsiya talablarini qiyosiy tahlil qilish rejalashtirildi.

Tomonlar loyihani dastlab kichik pilot guruh bilan boshlash, uning natijalari va AQSh ish beruvchilarining talablaridan kelib chiqib, o‘zbekistonlik hamshiralarni jalb etish ko‘lamini bosqichma-bosqich kengaytirish istiqbolli ekanini qayd etdi.

1969-yilda Los-Anjelesda tashkil etilgan “Korn Ferry” bugungi kunda 50 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Kompaniya tashkilotlarni rivojlantirish, rahbar va mutaxassislarni tanlash, xalqaro va ommaviy kadrlar yollash hamda inson kapitalini boshqarishga ixtisoslashgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish