Xorvatiya qurilish kompaniyalari O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb etishdan manfaatdor
Oktabr 19, 2026. 12:00 • 2 daq
• 233ZAGRЕB, 19-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Budapesht shahridagi elchixonasi ko‘magida Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiyaning Xorvatiyaga safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrifning asosiy maqsadi O‘zbekiston fuqarolarini uyushgan tarzda ishga joylashtirish borasida hamkorlik qilish, xorvatiyalik ish beruvchilar bilan aloqalarni kengaytirish va xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishni ta’minlashdan iborat bo‘ldi.
Davlat organlari, ishbilarmonlar birlashmalari va qurilish kompaniyalari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda tomonlar Xorvatiya mehnat bozorining ehtiyojlari, chet ellik xodimlarga qo‘yiladigan malaka talablari, nomzodlarni kasb-hunarga o‘qitish hamda kadrlarni saralash mexanizmlarini takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida Migratsiya agentligi, Xorvatiya Mehnat, pensiya tizimi, oila va ijtimoiy siyosat vazirligi hamda Xorvatiya bandlik xizmati o‘rtasida mehnat bozori sohasida hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Xorvatiyaning Krijevsi shahridagi “Radnik d.d.” qurilish kompaniyasida bo‘lib, u yerdagi mehnat sharoitlari va korxonaning kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji bilan tanishdi. Delegatsiya vakillari, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashib, ularga mehnat huquqlari, qonuniy bo‘lish va ishga joylashish qoidalari, shuningdek, qonuniy manfaatlarni himoya qilish mexanizmlarini tushuntirdilar.
Shuningdek, Xorvatiya Savdo palatasi hamda o‘zbek mutaxassislarini yollashdan manfaatdor bo‘lgan 15 dan ortiq yirik qurilish kompaniyalari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi. Uchrashuvda talab yuqori bo‘lgan kasbiy ko‘nikmalarni tekshirish, til o‘qitish va legal mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Xorvatiya Ish beruvchilar uyushmasi bosh direktori Irena Veber bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida Migratsiya agentligi va mazkur uyushma o‘rtasida Xorvatiya kompaniyalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish hamda O‘zbekistondan ishchilarni uyushgan ravishda jalb etishni kengaytirishni nazarda tutuvchi hamkorlik memorandumi imzolandi.
Erishilgan kelishuvlar vatandoshlarimizni Xorvatiyada ish bilan ta’minlash samaradorligini oshirish, kasbiy tayyorgarlikni yaxshilash hamda ikkala mamlakat qonunchiligiga muvofiq fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


