Tataristondagi dron hujumi oqibatida halok bo‘lgan vatandoshlar jasadlari O‘zbekistonga olib kelindi
Avgust 12, 2026. 12:00 • 2 daq
• 78
TOSHKENT, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. Tatariston Respublikasining Nijnekamsk shahridagi obyektlarga uchuvchisiz uchish apparatlari hujumi oqibatida halok bo‘lgan sakkiz nafar vatandoshimizning jasadi maxsus aviareys bilan O‘zbekistonga olib kelindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘i bilan tuzilgan Hukumat komissiyasi faoliyati doirasida Tashqi ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi va boshqa masʼul idoralar tomonidan halok bo‘lganlarning jasadlarini Vatanga yetkazish, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ularning oila aʼzolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi”, – deb yozdi O‘zbekiston TIV matbuot kotibi o‘zining telegram-kanalida.
Eslatib o‘tamiz, 10-avgust kuni Tataristonda joylashgan bir qator obyektlarga uchuvchisiz uchish apparatlari hujum qilgan edi. Hodisa oqibatida qurilish korxonasida ishlagan sakkiz nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan, yana bir qancha fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
O‘zbekiston fuqarolariga zarur yordam ko‘rsatish maqsadida mamlakatimizning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov va Qozondagi bosh konsuli Nodirjon Qosimov zudlik bilan hodisa joyiga yetib borib, mahalliy masʼul idoralarda uchrashuvlar o‘tkazdi. Natijada 12-avgust kuni halok bo‘lgan vatandoshlarimizning jasadlari maxsus aviareys bilan O‘zbekistonga olib kelinishi taʼminlandi.
“O‘zbekiston TIV Rossiya tomoni bilan birgalikda mazkur vaziyat bilan bog‘liq barcha masalalarni, jumladan, jabrlangan fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatishni nazoratga oldi”, – deyiladi TIV matbuot kotibi xabarida.
O‘zbekiston TIV surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi