Rossiyaning Uzoq Sharqida mehnat qilayotgan vatandoshlarga huquqiy maslahatlar berildi

Avgust 05, 2026. 17:00 • 2 daq

174
Rossiyaning Uzoq Sharqida mehnat qilayotgan vatandoshlarga huquqiy maslahatlar berildi
Rossiyaning Uzoq Sharqida mehnat qilayotgan vatandoshlarga huquqiy maslahatlar berildi
Rossiyaning Uzoq Sharqida mehnat qilayotgan vatandoshlarga huquqiy maslahatlar berildi

VLADIVOSTOK, 5-avgust. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning Uzoq Sharq federal okrugi mintaqalarida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Videokonferensiyada yurtimizning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasida yig‘ilgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, Magadan viloyatidagi hamyurtlar ham qatnashdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Rossiya advokatlari vatandoshlarning savollariga batafsil javob berdi. Mehnat va migratsiya qonunchiligi qoidalari, mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish, xodimlarning huquqlarini himoya qilish, ish haqi bo‘yicha qarzdorlikni undirish yuzasidan zarur maʼlumotlar taqdim etildi.

Shu bilan birga, ish beruvchilar bilan nizolarni hal etish, mehnat shartnomasi va boshqa qonuniy huquqlar buzilgan holatlarda fuqarolar tomonidan bajarilishi kerak bo‘lgan harakatlar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.

Suhbat chog‘ida malakali yuridik yordam olishning amaliy mexanizmlari, mumkin bo‘lgan huquqiy xavf-xatarlarning oldini olish hamda fuqarolarning o‘z manfaatlarini himoya qilish usullari bo‘yicha xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Mazkur formatdagi suhbatlarning hududiy qamrovini kengaytirish, Rossiyaning Uzoq Sharqi mintaqalarida mehnat qilayotgan fuqarolarga manzilli konsultativ yordam ko‘rsatish bo‘yicha taklif va tashabbuslar bildirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish