Saudiya Arabistonida o‘zbekistonliklar ishtirokida yangi avtoxizmat markazi tashkil etilmoqda

Iyun 22, 2026. 19:00 • 2 daq

127
Saudiya Arabistonida o‘zbekistonliklar ishtirokida yangi avtoxizmat markazi tashkil etilmoqda

AR-RIYOZ, 22-iyun /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi vakillari Ar-Riyod shahrida vatandoshlar faoliyat yuritayotgan “Alif Motors” avtoxizmat ko‘rsatish markaziga bordi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad hamyurtlar holidan xabar olish, yangi tashkil etilayotgan ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishish, hujjat ishlarida ko‘maklashish hamda konsullik-huquqiy maslahatlar berish bo‘ldi.

Uchrashuv chog‘ida o‘zbekistonlik fuqarolar ishtirokida yangi ta’sis etilayotgan “Alif Motors” avtoxizmat ko‘rsatish va yuvish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. O‘z navbatida, elchixona tomonidan ushbu markazni ochish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash, munosib hamkorlar topish hamda Saudiya tomonining tegishli vazirlik va idoralari bilan muzokaralarda ishtirok etish borasida amaliy ko‘mak ko‘rsatilgani uchun minnatdorlik bildirildi.

Quvonarlisi, “Alif Motors” markazida asosiy ishchilar o‘zbekistonliklardir. Kelajakda ishga qabul qilinadigan xodimlarga mamlakatda yashash uchun qonuniy ishchi vizalari va iqoma, kelish-ketish aviachiptalari, yashash joyi va ovqatlanish bilan bog‘liq xarajatlar ish beruvchi tomonidan qoplanadi.

Mazkur markaz hozirda test rejimida ishlamoqda, tegishli hujjatlarning barchasi rasmiylashtirilgandan so‘ng taxminan sentyabr oyidan boshlab doimiy faoliyatini yo‘lga qo‘yishi kutilmoqda.

Ushbu markazda boshlang‘ich bosqichda 5 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis faoliyat yuritsa, kelgusida ushbu ko‘rsatkich 20 nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Mamlakatda o‘zbekistonlik ustalar faoliyati ommalashuviga qarab, kelajakda markazning filiallari boshqa shaharlarda ham ochilishi ko‘zda tutilmoqda.

Muloqot davomida O‘zbekiston fuqarolari uchun yangi ish o‘rinlari yaratayotgan tadbirkorlar va ish beruvchilarga taqdim etilayotgan imtiyozlar hamda bir qator qulayliklar haqida ma’lumotlar berildi.

“Alif Motors” avtoxizmat ko‘rsatish va yuvish markazida barcha turdagi yengil avtomobillar, asosan “premium” toifasidagi avtomobillarga xizmatlar ko‘rsatish ishlari amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish