Sverdlovsk viloyatida vatandoshlar uchun 150 ming rublgacha maoshli ish o‘rinlari mavjud
Avgust 20, 2026. 09:00 • 2 daq
• 211
YEKATERINBURG, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Sverdlovsk viloyatida faoliyat yurituvchi “Gross Group” kompaniyasi rahbari Nikita Kalashnikov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyada qonuniy asosda ishga jalb etish, mehnat sharoitlarini taʼminlash va ularning haq-huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
“Gross Group” kompaniyasi vakili o‘zbekistonliklar uchun 15 ta bo‘sh ish o‘rni mavjudligi, ishga qabul qilinadigan xodimlarning zarur hujjatlarini rasmiylashtirish, yotoqxonada yashashi va ovqatlanishi bilan bog‘liq xarajatlar kompaniya tomonidan qoplanishini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda taklif etilayotgan oylik maosh oyiga 100 mingdan 150 ming rublgacha.
O‘z navbatida, vakillarimiz ish beruvchiga O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish tartibi, mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish va xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarning huquqiy himoyasini taʼminlashga oid talablarni bildirdi.
Tashrif doirasida kompaniyada ishlayotgan hamyurtlarimiz bilan suhbat o‘tkazilib, ularning mehnat va konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha murojaatlari tinglandi.
Vatandoshlarga Rossiya qonunchiligiga rioya qilish, mehnat shartnomasi shartlariga amal qilish hamda turli huquqbuzarliklar, jumladan, ekstremizm, terrorizm va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga aralashib qolishdan ehtiyot bo‘lish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Rossiyaning ayrim hududlarida dronlar bilan bog‘liq xavflar ortib borayotgani inobatga olinib, hamyurtlarga xavfsizlik talablariga qatʼiy amal qilish, rasmiy ogohlantirish va ko‘rsatmalarga rioya etish muhimligi eslatildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi