O‘zbekiston fuqarosi davolanishni davom ettirish uchun Kuzbassdan vatanga qaytarildi

Avgust 20, 2026. 15:00 • 2 daq

200
O‘zbekiston fuqarosi davolanishni davom ettirish uchun Kuzbassdan vatanga qaytarildi

KEMEROVO, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Migratsiya agentligi hamda Kemerovo viloyati — Kuzbassdagi vatandoshlar milliy tashkilotining ko‘magida fuqaromiz B.T.ni vatanga qaytarish bo‘yicha amaliyot muvaffaqiyatli yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

B.T. milliy aviakompaniyaning Novosibirsk–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha Toshkentga uchib keldi.

Vatandoshimiz qizining maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston poytaxti aeroportida bemorni shifokorlar va tez yordam mashinasi kutib oldi hamda barcha zarur tibbiy yordamni ko‘rsatish uchun bemor darhol Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yetkazildi.

Oldin xabar berilganidek, shu vaqtga qadar vatandoshimiz Kemerovo viloyati — Kuzbassning Leninsk-Kuzneskiy shahridagi Kuzbass shaxtyorlar sog‘lig‘ini saqlash klinik markazining intensiv neyroxirurgiya bo‘limida edi.

Bosh konsulxona, Migratsiya agentligining Novosibirskdagi vakolatxonasi va Kemerovo shahridagi vatandoshlar tashkilotining B.T. Kuzbass shaxtyorlar sog‘lig‘ini saqlash klinik markazida bo‘lgan vaqtida uni zarur davolanish, dori-darmon va oziq-ovqat bilan taʼminlashdagina emas, balki unga har kunlik qarov va parvarish ko‘rsatishda ko‘rsatgan hamjihatlik va samarali harakatlarini alohida taʼkidlash joiz.

Bundan tashqari, diplomatlar va Kuzbassdagi vatandoshlar harakati bilan vatandoshimizni Leninsk-Kuzneskiy shahridan Novosibirskdagi “Tolmachevo” aeroportigacha qulay sharoitda olib borish tashkil etildi. Olingan jarohatlar oqibatida B.T. hozirda mustaqil harakatlanish imkoniyatidan mahrum bo‘lganini eslatib o‘tamiz.

Shu munosabat bilan Migratsiya agentligi tomonidan B.T.ga uni vatanga yotiq holatda transportirovka qilish uchun aviabiletlar xarid qilindi.

Vatandoshimiz xorijdagi vatandoshlar taqdiriga ko‘rsatilayotgan alohida eʼtibor uchun O‘zbekiston rahbariyatiga o‘zining chuqur minnatdorchiligini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish