Marius Vizer: O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli islohotlar mamlakat iqtisodiyoti professional boshqarilayotganidan dalolat
Avgust 20, 2026. 18:00 • 3 daq
• 80
BUDAPESHT, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Bugungi kunda O‘zbekiston taʼlim, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalarida islohotlar amalga oshirilayotgan innovatsiyalar va yangi texnologiyalar mamlakatidir. Men O‘zbekistonga ilk bor 1997-yilda borganman. Bu menga mamlakatning avvalgi va bugungi rivojlanish darajasini qiyoslash imkonini beradi.
So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston va Xalqaro dzyudo federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada rivojlandi. Bunda Xalqaro dzyudo federatsiyasining O‘zbekiston Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va mamlakat dzyudo federatsiyasi bilan yaqin hamkorligi muhim o‘rin tutdi.
Biz birgalikda ko‘plab muvaffaqiyatli tadbirlarni amalga oshirdik: xalqaro musobaqalar, taʼlim loyihalari va 2022-yilda biznes-forum o‘tkazdik. Ushbu keng ko‘lamli hamkorlik tufayli O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi o‘z faoliyatining barcha yo‘nalishlarida yuksak natijalarga erishdi.
O‘zbekistonda islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mamlakat va iqtisodiyot samarali boshqarilayotganining natijasi bo‘lib, bu xorijiy va mahalliy sarmoyadorlar uchun ishonchli shart-sharoitlar va kafolatlar yaratadi.
O‘zbekistonda barqaror rivojlanish, “yashil” iqtisodiyot, raqamli transformatsiya, ilm-fan, taʼlim va inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishlarida olib borilayotgan islohotlar xalqaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish va sarmoyalarni jalb etish uchun jozibador imkoniyatlar yaratmoqda.
Ayniqsa, taʼlim va ilm-fan sohasidagi sheriklikni rivojlantirish istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. O‘zbekistonning Vengriya Zemmelvays universiteti bilan hamkorligi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bu yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ilmiy salohiyatni yuksaltirish hamda zamonaviy bilim va texnologiyalar almashishda xalqaro sheriklikning imkoniyatlarini namoyon etadi.
Ishonchim komilki, yaqin yillarda bunday loyihalarning kengayishi O‘zbekistonning inson kapitalini rivojlantirish va uning xalqaro aloqalarini yana-da mustahkamlashga muhim hissa qo‘shadi.
Mamlakat rahbariyati va hukumatining samarali strategiyasiga muvofiq O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan geostrategik, siyosiy va iqtisodiy tashabbuslar qo‘shni davlatlar bilan ham, xalqaro miqyosda ham muvaffaqiyatli hamkorlik uchun zamin yaratmoqda.
Energetika, infratuzilma, sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalari xorijiy sarmoyalar uchun eng jozibador yo‘nalishlardir. O‘zbekistonda yoshlarning ko‘pligi va ularning soni doimiy o‘sib borayotgani bunga katta yordam bermoqda.
O‘zbekistonning jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlarda munosib o‘rin egallashi uchun mamlakatdagi barqarorlik, samarali davlat boshqaruvi, shaffoflik, adolatli iqtisodiy sharoitlar va barcha sarmoyadorlar uchun ishonchli kafolatlar zarur.
Butun xalqaro dzyudo oilasi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan O‘zbekiston xalqiga farovonlik, mamlakat rahbari va hukumatiga esa mustahkam sog‘lik va kelgusi ishlarida muvaffaqiyat tilayman.
Hozirgi islohotlar yo‘lining davom ettirilishi o‘zbek xalqining bundan keyin ham barcha sohalarda yutuqlarga erishishining kafolati bo‘lishi, shubhasiz. So‘nggi o‘n yillikdagi yutuqlar mamlakat kelajagi uchun mustahkam poydevor va kelgusi avlodlar uchun meros bo‘lib xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi