Vladikavkazdagi vatandoshlarning huquq va manfaatlari himoyasiga doir masalalar muhokama qilindi

Iyun 10, 2026. 15:00 • 2 daq

165
Vladikavkazdagi vatandoshlarning huquq va manfaatlari himoyasiga doir masalalar muhokama qilindi
Vladikavkazdagi vatandoshlarning huquq va manfaatlari himoyasiga doir masalalar muhokama qilindi

VLADIKAVKAZ, 10-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari vatandoshlarning mintaqada bo‘lishi bilan bog‘liq dolzarb masalalarni o‘rganish hamda vakolatli organlar bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Rossiyaning Shimoliy Osetiya – Alaniya Respublikasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida Rossiya TIVning Shimoliy Osetiya – Alaniya Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Bagir Mamiyev va respublika ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Anfisa Kondaurova bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muzokaralar chog‘ida yurtdoshlarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, Vladikavkaz shahridagi Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida saqlanayotgan vatandoshlarni O‘zbekistonga qaytarish jarayonlarini tezlashtirish, migratsiya sohasidagi hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, konsullik okrugi hududidagi jazoni ijro etish tizimi muassasalarida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolarini konsullik qabullarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, Vladikavkaz shahridagi Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida saqlanayotgan 12 nafar O‘zbekiston fuqarolaridan olti nafarini qisqa vaqt ichida Grozniy xalqaro aeroporti orqali vatanga qaytarishni tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.

Tashrif davomida diplomatlar Vladikavkazdagi “O‘zbek milliy-madaniy birlashmasi” rahbari Suyarqul O‘roqov va “Investitsiya” qurilish kompaniyasida ishlayotgan mehnat muhojirlari bilan ham uchrashdi.

Muloqot chog‘ida hujjatlarni rasmiylashtirish, Rossiya migratsiya qonunchiligiga rioya qilish va xorijiy fuqarolar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari muhokama qilindi. Fuqarolarni giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq g‘ayriqonuniy faoliyatga jalb etilishining oldini olishga alohida e’tibor qaratildi.

Vatandoshlarga, shuningdek, O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va xorijda bo‘lib turgan fuqarolarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuvlar yakunida O‘zbekiston fuqarolarining respublika hududida qonuniy bo‘lib turishini ta’minlashga ko‘maklashish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish