Misr turizm kompaniyalari O‘zbekistonga sayohatlarni ko‘paytirish niyatida

May 11, 2026. 16:00 • 2 daq

134
Misr turizm kompaniyalari O‘zbekistonga sayohatlarni ko‘paytirish niyatida
Misr turizm kompaniyalari O‘zbekistonga sayohatlarni ko‘paytirish niyatida

QOHIRA, 11-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasida mamlakatning turistik salohiyatini targ‘ib qilish va ikki tomonlama turizm sohasidagi hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan taqdimot o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Misrning 20 dan ortiq yirik turizm kompaniyalari rahbarlari, ekspertlar va jurnalistlar ishtirok etdi. Ishtirokchilarga O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi, uning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi hamda mamlakatda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Misrlik hamkorlar uchun Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar, shuningdek ziyorat, tibbiy va ekologik turizm yo‘nalishlari alohida qiziqish uyg‘otdi.

Tadbirning amaliy va tijoriy jihatlarini kuchaytirish maqsadida “Edem Travel and Property” turizm kompaniyasi vakillari Misr bozorining o‘ziga xos xususiyatlari va sayyohlar manfaatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan maxsus turpaketlar taqdimotini o‘tkazdi.

Shuningdek, O‘zbekistonga aviaqatnov yo‘nalishlari, transport-logistika imkoniyatlari hamda mehmonxona infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Misrlik turoperatorlar O‘zbekistonning yangi va istiqbolli turizm yo‘nalishi sifatida katta salohiyatga ega ekanini yuqori baholab, qisqa muddatda ikki davlat o‘rtasida barqaror turistlar oqimini yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Shu bilan birga, O‘zbekistondagi xavfsizlik va mehmondo‘stlik darajasi yuqori baholandi.

Misr turizm sohasi vakillari Samarqand, Buxoro va Xorazm tarixiy manbalar orqali yaxshi tanilgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi, rivojlangan infratuzilmasi va yaratilgan imkoniyatlari hali Misr aholisiga yetarlicha tanish emasligini qayd etdi.

Shu munosabat bilan Misr tomoni turizm kompaniyalari vakillari uchun “FamTour” formatda maxsus tanishuv sayohatlarini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Ishtirokchilar fikricha, bunday sayohatlar O‘zbekistonning zamonaviy imijini ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va ommaviy axborot platformalari orqali keng targ‘ib qilish imkonini beradi.

Ushbu tashabbus doirasida “Zekri Group” kompaniyasi rahbari Mahmud Zekri 13–15 nafar ishtirokchidan iborat tanishuv sayohati uchun O‘zbekistonga aviachiptalarni bepul taqdim etishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Tadbirda shu yil iyun oyida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlangan maxsus taqdimot namoyish qilindi.

Misr ishbilarmon doiralariga O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya kiritishning afzalliklari, xorijiy investorlar uchun huquqiy kafolatlar va soliq imtiyozlari haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston bilan hamkorlikni nafaqat turizm, balki investitsiya sohasida ham kengaytirishga qiziqish bildirdi.


Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish