Turk eksperti: O‘zbekiston boy tarixiy merosini zamon bilan uyg‘unlashtira olayotgan kam sonli davlatlardan biridir

May 11, 2026. 15:30 • 3 daq

85
Turk eksperti: O‘zbekiston boy tarixiy merosini zamon bilan uyg‘unlashtira olayotgan kam sonli davlatlardan biridir

ANQARA, 11-may. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning yetakchi turizm nashri “Tourism Today” jurnalida turkiyalik ekspert Ibrohim Chelikning O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasini strategik rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy infratuzilma yaratilmoqda va mamlakatning xalqaro turistik nufuzi izchil oshib bormoqda.

Muallif o‘zining Toshkentga ilk tashrifi 2015-yilda bo‘lganini eslaydi. O‘sha paytda O‘zbekistonning sokin muhiti, keng va obod ko‘chalari, yashil bog‘lari va tartibli shahar muhiti bilan e’tibor tortgani, ammo turistik infratuzilma va xizmatlar turi hali cheklangan bo‘lgani qayd etilgan.

O‘sha safar davomida Samarqand va Buxoro shaharlari Ibrohim Chelikda katta taassurot qoldirgan. Xususan, Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi va Shohi-Zinda majmuasi Sharq sivilizatsiyasining buyukligini aks ettiruvchi bebaho yodgorliklar sifatida xotirada muhrlangan. Biroq o‘sha davrda bu shaharlar ko‘proq qisqa sayohatlar uchun mo‘ljallangan yo‘nalish sifatida qabul qilingan.

Nashrda qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston bir-ikki kunlik qisqa tashriflar mamlakati emas, balki kamida bir haftalik, ba’zan undan ham uzoqroq o‘rganishga arziydigan ko‘p qatlamli va mazmunli turistik yo‘nalishga aylangan. Bu o‘zgarishlar aniq strategik yondashuv, puxta o‘ylangan davlat siyosati va tizimli islohotlar natijasida amalga oshgan.

Statistik ma’lumotlar ham bu o‘sishni yaqqol ko‘rsatadi. Agar 2016-yilda xorijiy turistlar soni taxminan 2 million nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 11,7 millionga yetgan va tarixiy rekord qayd etilgan.

Turizm daromadlarining o‘sishi ham diqqatga sazovordir. 2015-yilda 500 million AQSH dollarini tashkil etgan turizm daromadi 2025-yilda 4,8 milliard AQSH dollariga yetgan.

Muallif turistik oqimlar geografiyasi sezilarli darajada kengayganini alohida ta’kidlaydi. Ilgari asosan mintaqaviy sayyohlar ustunlik qilgan bo‘lsa, hozir Yevropa, Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Malayziya, Rossiya, Turkiya va Yaqin Sharq mamlakatlaridan keluvchi turistlar soni sezilarli oshgan. Bu O‘zbekistonning mintaqaviy turistik markazdan global turistik yo‘nalishga aylanayotganini ko‘rsatadi.

Maqolada poytaxt qiyofasidagi o‘zgarishlar “Tashkent City” loyihasi misolida alohida qayd etilgan. Zamonaviy ruhda shakllanayotgan yangi Toshkent savdo, xizmat ko‘rsatish, madaniy va dam olish imkoniyatlarini birlashtiruvchi mintaqaviy megapolis qiyofasini olmoqda. Shuningdek, joriy yilda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat arxitektura jihatidan, balki mazmunan ham chuqur ilmiy-ma’rifiy ahamiyatga ega majmua sifatida ta’riflangan.

“Tourism Today”da ta’kidlanishicha, O‘zbekiston boy tarixiy merosni zamonaviy rivojlanish bilan uyg‘unlashtira olayotgan kam sonli davlatlardan biriga aylanmoqda. Qadimiy Buyuk Ipak yo‘li markazida joylashgan mamlakat o‘zining shonli o‘tmishi bilan birga, kelajakka qat’iy intiluvchi davlat sifatida dunyo e’tiborini tobora ko‘proq jalb etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish