Logo

O‘zbekiston–Misr turizm sohasidagi hamkorlik rivojlantiriladi

May 07, 2026. 15:47 • 2 daq

187
O‘zbekiston–Misr turizm sohasidagi hamkorlik rivojlantiriladi

QOHIRA, 9-may /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi vakillari ushbu davlatdagi Misrning nufuzli “Egypt Holiday” turistik kompaniyasi rahbari Amr Riyod bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat davomida Amr Riyod so‘nggi paytlarda misrliklar orasida xorijga sayohat qilishga qiziqish ortib borayotganini ta’kidlab, ayniqsa yangi va hali keng o‘rganilmagan yo‘nalishlarga talab yuqori ekanini qayd etdi. Uning fikricha, O‘zbekiston boy tarixiy merosi, islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri ekani hamda madaniy yaqinligi bilan misrlik sayyohlar uchun istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi.

Amr Riyod O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirib, bugungi kunda mamlakatimizdagi qator turistik kompaniyalar bilan aloqa o‘rnatish ustida ish olib borayotganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, u elchixona tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida O‘zbekistonni targ‘ib qilish ishlarini boshlaganini aytdi. Mazkur jarayonga Misrning mashhur blogerlari, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda 2 milliondan ortiq kuzatuvchisiga ega Raniya Yahyo hamda shou-biznes vakillari jalb etilmoqda.

Suhbat chog‘ida Misrdan O‘zbekistonga sayyohlarni jalb qilishdagi asosiy muammo aviachiptalar narxining yuqoriligi ekani qayd etildi. Hozirda aviachiptalar qiymati 600–1200 AQSH dollari atrofida bo‘lib, bu ko‘plab sayyohlar uchun qimmatlik qilmoqda.

Solishtirish uchun, Vetnamga aviachipta narxi taxminan 400 dollar, Yevropa davlatlariga to‘liq turpaketlar esa o‘rtacha 1000 dollar ekani misol tariqasida keltirildi. Shu munosabat bilan Amr Riyod Qohira–Toshkent yo‘nalishida charter reyslarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.

Uchrashuv yakunida joriy yil iyun oyida bir guruh misrlik blogerlar ishtirokida O‘zbekistonga tanishuv safari tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tashrifdan asosiy maqsad mamlakatimizning turistik imkoniyatlari va diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishish, shuningdek, kelgusida misrlik sayyohlar uchun maxsus turpaketlar ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish