Turkmaniston aviakompaniyasining bort jurnali sahifalarida Samarqandning boy tarixiy-madaniy va sayyohlik salohiyati haqida yozildi

Sentabr 14, 2026. 12:00 • 2 daq

237
Turkmaniston aviakompaniyasining bort jurnali sahifalarida Samarqandning boy tarixiy-madaniy va sayyohlik salohiyati haqida yozildi

ASHXABOD, 14-sentabr. /“Dunyo” AA/. “Turkmaniston” milliy aviakompaniyasining “Lochin” bort jurnalinida O‘zbekistonning qadimiy va betakror shahriga bag‘ishlangan “Samarqand – Buyuk ipak yo‘lining maʼnaviy yuragi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda Samarqandning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘ziga xos o‘rni, yirik olimlar, mutafakkirlar va turli madaniyat vakillarini birlashtirgan muhim maʼnaviy-maʼrifiy markaz sifatidagi ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratilgan. Shaharning boy madaniy va maʼnaviy merosi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlarining umumiy tarixiy boyligining muhim tarkibiy qismi sifatida taqdim etilgan.

Samarqand haqidagi materialning “Lochin” bort jurnali sahifalarida eʼlon qilinishi O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi madaniy yaqinlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyatga ega. Asrlar davomida umumiy tarixiy va madaniy jarayonlar bilan bog‘langan ikki xalq aloqalari bugungi kunda zamonaviy madaniy diplomatiya vositalari orqali yangi mazmun bilan boyimoqda.

“Turkmaniston” aviakompaniyasi bort jurnali orqali xalqaro va mahalliy yo‘lovchilarga Samarqandning tarixiy-madaniy salohiyati haqidagi maʼlumotlarni taqdim etish nafaqat O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini ommalashtirishga, balki ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik va gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bu kabi tashabbuslar mamlakatlarimizning tarixiy shaharlari haqidagi tasavvurlarni kengaytirishning samarali vositasi bo‘lib, ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro qiziqishni oshirishga va madaniy yaqinlikni mustahkamlashga yordam beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish