Pokistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro turizm festivalida O‘zbekiston milliy paviloni namoyish etildi

Noyabr 10, 2026. 10:00 • 3 daq

• 132
Pokistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro turizm festivalida O‘zbekiston milliy paviloni namoyish etildi
Pokistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro turizm festivalida O‘zbekiston milliy paviloni namoyish etildi
Pokistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro turizm festivalida O‘zbekiston milliy paviloni namoyish etildi
Pokistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro turizm festivalida O‘zbekiston milliy paviloni namoyish etildi
Pokistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro turizm festivalida O‘zbekiston milliy paviloni namoyish etildi

ISLOMOBOD, 10-noyabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 6-8-noyabr kunlari Pokiston poytaxti Islomobodda bo‘lib o‘tgan “Pakistan Tourism, Sports & Family Festival 2026” xalqaro turizm festivalida O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Turizm, madaniyat, sport, gastronomiya, hunarmandchilik va oilaviy-ko‘ngilochar xizmatlar kabi yo‘nalishlarini birlashtirgan ushbu xalqaro festivalda Pokiston hududlari bilan bir qatorda xorijiy mamlakatlar diplomatik vakolatxonalari, turizm tashkilotlari va aviakompaniyalar vakillari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston milliy paviloni o‘zining o‘lchami, milliy ruh va zamonaviy taqdimot uslubini uyg‘unlashtirgan bezagi, mazmunan boy ekspozitsiyasi hamda mehmondo‘stlik muhiti bilan alohida ajralib turdi. 

Xususan, yurtimiz pavilonida mamlakatimizning ziyorat, madaniy, gastronomik, tibbiy, ishbilarmonlik va MICE-turizm salohiyati, turistik infratuzilma, zamonaviy xizmatlar hamda sayyohlik manzilgohlari keng targ‘ib qilindi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Qo‘qon va boshqa hududlarning boy tarixiy va madaniy merosi, tabiati va ziyoratgohlari aks etgan materiallar namoyish etildi.

Pavilonda, shuningdek, “Made in Uzbekistan” maxsus ko‘rgazmasi tashkil etilib, unda milliy hunarmandchilik va amaliy san’at namunalari, o‘zbek milliy liboslari, cholg‘u asboblari va madaniyatimizni aks ettiruvchi turli mahsulotlar joylashtirildi. 

O‘zbekiston paviloniga Pokiston rejalashtirish, rivojlanish va maxsus tashabbuslar federal vaziri Ahsan Iqbal, axborot va radioeshittirish vaziri Attaullah Tarar, temir yo‘llar vaziri Hanif Abbasi, Pokiston Bosh vazirining turizm masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sardar Yasir Ilyas Xan, Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi rahbari Aftab Ur Rehman Rana tashrif buyurdi.

Rasmiy mehmonlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yurtimizda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan yangilanishlarni yuksak baholadi. Shuningdek, ular O‘zbekistonning mazkur jabhadagi tajribasi boshqa mamlakatlar uchun namuna ekanligini ta’kidladilar. 

Pokiston tomoniga pavilon konsepsiyasi, sayyohlik yo‘nalishlari va ekspozitsiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston bo‘limiga kelgan mehmonlar o‘zbek milliy liboslarini kiyib fotosuratlarga tushdi, milliy taomlarimizdan tatib ko‘rdi, mamlakatimiz tarixi, madaniyati, sayyohlik manzilgohlari va ularning imkoniyatlari haqidagi savollariga javob oldi.

Tashrif buyuruvchilar o‘rtasida maxsus interaktiv o‘yin tashkil etildi. Unda g‘olib bo‘lgan 6 ta ishtirokchiga O‘zbekistonga bepul sayohat yo‘llanmalari taqdim etildi.

Tadbirning ishbilarmonlik dasturi doirasida mamlakatimiz diplomatlari Pokiston va boshqa davlatlar turkompaniyalari vakillari bilan turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, festival maydonida 500 dan ortiq ko‘rgazma va savdo pavilonlari tashkil etildi. Ularga uch kun davomida 1 milliondan ortiq mehmon keldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish