O‘zbekistonning ziyorat turizmi Malayziyada targ‘ib qilindi
Noyabr 09, 2026. 09:30 • 2 daq
• 77KUALA-LUMPUR, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. Malayziyada o‘tkazilgan V xalqaro ziyorat turizmi konferensiyasi doirasida O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari keng targ‘ib etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi mahalliy turkompaniyalar bilan hamkorlikda tashkil etgan taqdimot xorijiy sayyohlik vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
To‘rt kun davom etgan xalqaro tadbirda 1000 dan ortiq mahalliy va xorijiy turkompaniyalar, mehmonxona va aviakompaniyalar vakillari, soha ekspertlari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida Malayziyaning turizm sohasidagi yetakchi tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, Malayziya Islom turizm markazi bosh direktori Mohammad Faizal, “MATTA” sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Mohd Hizzat, “PAPUX” haj va umraga yuboruvchi sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Fathir Adhadad bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida mamlakatimizda turizm sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ziyorat turizmini rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
“WITC Mart” ziyorat turizmi yarmarkasi qatnashchilari Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridagi islom dunyosiga oid qator ziyoratgohlar faoliyati bilan tanishdi. So‘nggi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan, Malayziya fuqarolari uchun respublikaga vizasiz kirish tartibi amal qilayotganiga alohida urg‘u berildi.
Bugungi kunda Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlari o‘rtasida “Uzbekistan Airways” va “Batik Air Malaysia” aviakompaniyalarining to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlari mavjudligi Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Yarmarkada qatnashgan qator mahalliy turkompaniyalar, xususan, “Nuh Travel & Tours”, “Soka Travel”, “Rayhar Travel”, “Ikhlas Travel” kabi turoperatorlar tomonidan “Ziyorat turizmi”, “Tarixiy-madaniy turizm”, “Umra+”, “Gastronomik turizm”, “Qishki turizm” kabi sayyohlik dasturlari taklif etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





