Sayyohlar O‘zbekistonda o‘rtacha sakkiz kun bo‘ladi

Sentabr 18, 2026. 12:30 • 2 daq

191
Sayyohlar O‘zbekistonda o‘rtacha sakkiz kun bo‘ladi

ANQARA, 18-sentabr. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning “GZT” portali O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangi sayyohlik yo‘nalishlarining kengayishiga eʼtibor qaratdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida O‘zbekistonga kelgan xorijiy tashrif buyuruvchilar soni 21,1 foizga oshib, 9,1 million nafarga yetgan. Turizm xizmatlari eksporti esa 53,5 foiz o‘sib, 4,6 milliard dollarni tashkil etgan. Bir turistga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat 503 dollarga yetgan bo‘lsa, mehmonlarning mamlakatda qolish muddati o‘rtacha sakkiz kungacha uzaygan.

Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva asosiy turistik markazlar bo‘lib qolmoqda. Ayni paytda Farg‘ona vodiysi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq va Nukus kabi hududlariga qiziqish ham ortib bormoqda.

Muallifning taʼkidlashicha, transport infratuzilmasining rivojlanishi bu jarayonni yana-da tezlashtirmoqda. Xususan, “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdi Toshkent–Xiva yo‘nalishidagi safar vaqtini qariyb 14 soatdan 7,5 soatga qisqartirdi.

Turizmga bo‘lgan talab mehmonxona infratuzilmasida ham aks etmoqda. 2026-yil yanvar–iyul oylarida 705 ta yangi mehmonxona obyekti ishga tushirilib, 22 296 ta yangi o‘rin yaratildi. Natijada mamlakatdagi mehmonxonalar soni 7 440 taga, umumiy joylashtirish quvvati esa 202 mingdan oshdi.

O‘zbekiston turizmi anʼanaviy Samarqand–Buxoro–Xiva marshrutidan tashqari, yangi hudud va yo‘nalishlarni qamrab olgan keng turistik makonga aylanib bormoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish