“2027-yil — Barqaror va yashovchan turizm xalqaro yili”ning rasmiy ochilish marosimi Toshkentda bo‘lib o‘tadi
Sentabr 15, 2026. 12:30 • 2 daq
• 136
TOSHKENT, 15-sentabr. /“Dunyo” AA/. BAAda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulovning Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Shayxa Nosir Al-Novays bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Uzbektourism.uz” portali maʼlumotlariga ko‘ra, uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va BMT Turizm o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, turizmni barqaror rivojlantirish tamoyillarini ilgari surish, turistik yo‘nalishlarning raqobatbardoshligini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
“2027-yil — Barqaror va yashovchan turizm xalqaro yili”ning rasmiy ochilish marosimiga tayyorgarlik ko‘rish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Rasmiy ochilish marosimi 2026-yil noyabr oyida Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turistik yarmarkasi doirasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ochilish marosimini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 1-aprel kuni BMT Turizm rahbariyati bilan uchrashuv davomida ilgari surilgan edi.
Muzokaralarning muhim natijasi “2027-yil — Barqaror va yashovchan turizm xalqaro yili”ning rasmiy ochilish marosimini o‘tkazish to‘g‘risidagi Bitimning imzolanishi bo‘ldi. Hujjat tadbirga amaliy tayyorgarlik ko‘rish hamda O‘zbekiston va BMT Turizm tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish uchun zarur huquqiy va tashkiliy asosni yaratadi.
Ochilish marosimining Toshkentda o‘tkazilishi xalqaro darajada barqaror va yashovchan turizm tamoyillarini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ushbu nufuzli tadbir 2027-yil doirasida global turizm kun tartibini shakllantirishda va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda O‘zbekistonning faol ishtirokini yanada mustahkamlash uchun muhim platformaga aylanadi.
Muloqot davomida Bosh kotib Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish jarayoni uning shaxsiy nazoratida ekanini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda ushbu yo‘nalishda davlatlar va xalqaro ekspertlar bilan olib borilayotgan ishlar yanada jadallashtirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi