O‘zbekiston va Pokiston ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytiradi

Oktabr 16, 2026. 09:30 • 2 daq

• 270
O‘zbekiston va Pokiston ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytiradi

ISLOMOBOD, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari, Turizm qo‘mitasi vakillari va mamlakatimizning Pokistondagi ziyorat turizmi elchisi Shayx Muhammad Hassan Hasib ur-Rehman o‘rtasida videokonferensiya shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekistonning boy madaniy-ma’rifiy va tarixiy merosi, muqaddas qadamjolari hamda ziyorat turizmi imkoniyatlarini Pokistonda keng targ‘ib qilish, ushbu yo‘nalishda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi ulkan salohiyatini Pokiston jamoatchiligi orasida keng targ‘ib etish, pokistonlik sayyohlar va ziyoratchilarning yurtimizdagi muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalar va diqqatga sazovor turistik maskanlar haqidagi xabardorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

– O‘zbekiston asrlar davomida islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida e’tirof etilib kelgan, – dedi Shayx Muhammad Hassan Hasib ur-Rehman. – Mamlakatingiz hududida joylashgan buyuk allomalar, aziz-avliyolar va islom olamida yuksak hurmatga sazovor mutafakkirlar nomi bilan bog‘liq qadamjolar xorijlik ziyoratchilar, shu jumladan pokistonliklar uchun katta ma’naviy va tarixiy ahamiyatga ega. Ayniqsa, Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarining boy diniy-ma’rifiy merosi O‘zbekistonning xalqaro ziyorat turizmidagi o‘rnini yanada mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Uchrashuvda Pokiston ulamolari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Mazkur tashrif ikki mamlakat diniy-ma’rifiy doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va O‘zbekiston ziyorat turizmi imkoniyatlarini Pokistonda yanada keng tanitishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, tashrif doirasida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazish, Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlariga  safarlarni tashkil qilish bo‘yicha kelgusidagi rejalar ko‘rib chiqildi.

Pokiston tomoni O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi va g‘oyasi asosida Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi va qayta rekonstruksiya qilingan Imom Buxoriy majmuasini pokistonlik ulamolar ko‘rishga katta qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, mazkur noyob majmualar to‘g‘risidagi maxsus videomateriallarni tayyorlash va ularni Pokistonda tarqatishga qizish bildirildi. 

Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbuslar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlab, xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy-madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizga tashrif buyuruvchi pokistonlik ziyoratchilar oqimini oshirishga xizmat qiladi.

Bo‘lib o‘tgan onlayn uchrashuv yakunida ishtirokchilar ushbu yo‘nalishdagi muloqotni diplomatik kanallar orqali davom ettirishga kelishib oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish