O‘zbekiston Prezidenti yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi islohotlarni jadallashtirish yuzasidan sarmoyadorlar bilan muloqot o‘tkazdi
Oktabr 16, 2026. 18:47 • 4 daq
• 87
TOSHKЕNT, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi islohotlarni jadallashtirish va sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish yuzasidan sarmoyadorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti barqaror energiya ta’minoti iqtisodiyot rivoji, tadbirkorlar rejalari va aholi farovonligi uchun muhimligini ta’kidladi. So‘nggi o‘n yilda energetika bozori xususiy sarmoyaga ochilib, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etildi. Bu davrda sohaga 35 milliard dollar investitsiya kiritildi. Quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hisobiga qayta tiklanuvchi energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 31 foizga yetdi.
Muloqot kuni umumiy qiymati 4 milliard 700 million dollarlik oltita yirik loyiha bo‘yicha bitimlar imzolandi. Ular doirasida 3 ming megavatt generatsiya va 400 megavatt energiya saqlash quvvati yaratiladi.
Prezidentimiz energetikaga investitsiya jalb qilishda yangi bosqich boshlanayotganini qayd etdi. Endi har bir loyiha yangi quvvat yaratish bilan birga ta’minot ishonchliligini oshirishi va elektr yo‘qotishlarini kamaytirishi zarur. 2030-yilgacha 22 ming megavatt yangi quvvat barpo etish, yillik elektr ishlab chiqarish hajmini 129 milliard kilovatt-soatdan oshirish va qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Buning uchun generatsiya, uzatish va energiya saqlash tizimlari o‘zaro bog‘liq holda rivojlantiriladi. Qaysi hududda qanday quvvat zarurligi oldindan rejalashtirilib, tayyor loyihalar ochiq tanlovga chiqariladi. Investorlarga yer maydoni, tarmoqqa ulanish hamda elektrni xarid qilish shartlari avvaldan ma’lum qilinadi. Yaqin vaqtda umumiy quvvati 2 ming 200 megavatt bo‘lgan oltita quyosh va shamol stansiyasi loyihasi tanlovga qo‘yiladi.
Ilk bor energetika sohasining 2050-yilgacha bo‘lgan Milliy bosh rejasi ishlab chiqilib, e’lon qilinadi. Kelgusi yil 1-martgacha tarmoqlarga ulanish imkoniyatlari xaritasi, 1-iyulga qadar esa to‘liq bosh reja taqdim etiladi. Bu sarmoyadorlarga loyihalarini uzoq muddatga rejalashtirish imkonini beradi.
Elektr tarmoqlari va energiya saqlash infratuzilmasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. 2030- yilgacha 5 ming kilometr tarmoq va 16 ta yirik podstansiya qurish, energiya saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, sanoat korxonalari va ma’lumotlar markazlarining o‘sib borayotgan ehtiyojini hisobga olib, ular uchun ishonchli elektr ta’minotini oldindan tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Taqsimlash tarmoqlarida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy soha obyektlari va nasos stansiyalarini energiya tejamkor texnologiyalar asosida yangilash masalalari ham ko‘rib chiqildi. “Yashil” energiya ishlab chiqaruvchilarning sertifikatlar va karbon kreditlardan qo‘shimcha daromad olishi uchun mexanizmlar joriy etiladi.
Davlatimiz rahbari investitsiya loyihalari mahalliy sanoat uchun ham yangi imkoniyatlar ochishi kerakligini ta’kidladi. Yuqori kuchlanishli uskunalar, energiya saqlash tizimlari va shamol generatorlari butlovchi qismlarini mahalliylashtirish bo‘yicha 850 million dollarlik 12 ta istiqbolli loyiha tayyorlangan. Forish tumanida qurilayotgan atom elektr stansiyasi uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqariladigan maxsus sanoat zonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Neft-gaz sohasida geologiya-qidiruv ishlari, konlar samaradorligini oshirish va xomashyoni chuqur qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi. Ustyurtda “SOCAR” va “British Petroleum” kompaniyalari bilan oltita investitsiya blokida qidiruv ishlari olib borilmoqda, xorijlik hamkorlarga taklif etish uchun yana 128 ta blok tayyorlangan. Buxoro viloyatidagi MTO loyihasini amalga oshirish, Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish rejalari ham qayd etildi.
Suyultirilgan gaz ta’minotiga bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish masalasiga to‘xtalib, davlatimiz rahbari bunda ta’minot uzluksizligi, xavfsizlik va aholiga xizmat ko‘rsatish sifati ustuvor bo‘lishi shartligini ta’kidladi.
Yangi energiya obyektlari uchun mutaxassislar tayyorlashda investorlar ishtirokini kengaytirish taklif qilindi. Kelgusi o‘quv yilidan oliygohlarda energetika yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari oshiriladi, har yili 50 nafar yoshning yetakchi xorijiy universitetlarda tahsil olishi uchun davlat grantlari ajratiladi.
Sarmoyadorlar yer ajratish, tarmoqqa ulanish va texnik shartlarni olish bilan bog‘liq masalalarni doimiy muloqot orqali hal etish tashabbusini ilgari surgan edi. Shu munosabat bilan Yoqilg‘i-energetika sohasida investorlar kengashi tashkil etiladi. Prezident Administratsiyasi Rahbari boshchilik qiladigan Kengash loyihalarni tayyorlashdan tortib, obyektlarni ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayonda yuzaga keladigan masalalarga tezkor yechim topish bilan shug‘ullanadi.
Tadbir yakunida Prezidentimiz investorlar bilan muloqot qilib, ularning fikr va takliflarini tingladi, o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi