Yaponiyalik o‘quvchilarning O‘zbekistonga sayohatini yanada ko‘paytirish masalasi muhokama qilindi

Avgust 15, 2026. 11:30 • 2 daq

66
Yaponiyalik o‘quvchilarning O‘zbekistonga sayohatini yanada ko‘paytirish masalasi muhokama qilindi

TOKIO, 15-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Yaponiyanigng Osaka prefekturasidagi “Seikyo Gakuen Junior & Senior High School” maktabi direktori Masako Nakaishi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida Yaponiyadan O‘zbekistonga maktab o‘quvchilari uchun o‘quv-tanishuv sayohatlarini yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar 2025-yilda amalga oshirilgan ilk tashrif natijalari, ishtirokchilar taassurotlari hamda mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha fikr almashdi.

2025-yil 19–25-mart kunlari “Seikyo Gakuen” maktabining 50 nafarga yaqin o‘quvchisi va o‘qituvchilardan iborat guruh Toshkent va Samarqand shaharlariga sayohat qilgan edi. Tashrif davomida mehmonlar O‘zbekistonning tarixiy merosi, shaharsozligi, madaniyati va milliy taomlari bilan yaqindan tanishib, mahalliy yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazgandi.

Uchrashuvda Masako Nakaishi ushbu safar natijalari asosida “O‘zbekistonga maktab sayohati” nomli fotosuratlar bilan bezatilgan maxsus safarnoma nashr etilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, ushbu nashr tarqatilgach, Osaka prefekturasidagi qator maktablar O‘zbekistonga ta’limiy sayohatlarni tashkil etishga katta qiziqish bildirgan. Kelayotgan o‘quv yilida xorijiy sayohatlar bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnomada o‘quvchilar va ota-onalar tomonidan O‘zbekiston yo‘nalishiga ko‘plab takliflar tushgan.

Yaponiya ta’lim tizimida xorijga sayohatlar muhim o‘quv-tarbiyaviy amaliyot hisoblanadi. Yaponiya Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-o‘quv yilida 709 ta maktabdan 66 ming 618 nafar o‘quvchi dunyoning 29 ta mamlakatiga sayohat qilgan. Bu ko‘rsatkichlar Yaponiya maktab turizmi bozorida katta talab mavjudligi va O‘zbekiston uchun bu yo‘nalish yangi imkoniyatlar ochayotganini ko‘rsatadi.

Uchrashuvda “Seikyo Gakuen” maktabi 2027-yil mart oyida O‘zbekistonga navbatdagi o‘quvchilar guruhini yuborish bo‘yicha tayyorgarlikni boshlagani ma’lum qilindi. Shuningdek, 2026-yil oktyabr oyida Osakadagi ushbu maktabda mamlakatimizning turistik salohiyatiga bag‘ishlangan maxsus taqdimot va interaktiv seminar o‘tkazishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish

So‘nggi yangiliklar

Barchasi