Kuala-Lumpurda O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz tartibni yanada soddalashtirish masalasi muhokama qilindi

Avgust 15, 2026. 10:00 • 2 daq

52
Kuala-Lumpurda O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz tartibni yanada soddalashtirish masalasi muhokama qilindi

KUALA-LUMPUR, 15-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi vakillari ushbu davlat Migratsiya departamenti bosh direktori o‘rinbosari Aminudin bin Yahaya bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz tartibni yana-da soddalashtirish va uzoq muddatli viza olish jarayonlarini yengillashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Diplomatlar vatandoshlar uchun vizasiz kirish mumkin bo‘lgan mamlakatlar, viza jarayonlarini liberallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda xavfsiz tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etish, xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan, tahsil olayotgan hamyurtlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda dunyoning 93 dan ortiq mamlakat fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilgani hamda yana 70 dan ortiq mamlakat fuqarolari uchun elektron viza tizimi ishga tushirilgani taʼkidlandi.

O‘zbekiston va Malayziya davlat rahbarlarining o‘zaro rasmiy tashriflari davomida erishilgan kelishuvlar natijasida savdo-iqtisodiy, turizm, taʼlim, madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda xalqlarimiz o‘rtasidagi muloqot va hamkorlik izchil rivojlanib borayotganiga eʼtibor qaratildi.

Aminudin bin Yahaya mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi sayyohlar soni oshib borayotganini eʼtirof etdi.

Migratsiya departamenti vakillari Malayziyada qonuniy bo‘lib turish uchun ruxsatnomalar olgan O‘zbekiston fuqarolari soni tobora ko‘payotganini bildirdi. O‘zbekistonliklar Malayziyaga asosan taʼlim olish va malakali mutaxassis sifatida mehnat faoliyati olib borish uchun kelayotgani qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish