“AJP” nashri: 2025-yildan O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida erkin savdo rejimi joriy etildi
Dekabr 17, 2025. 17:43 • 2 daq
• 82
SEUL, 17-dekabr. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning yetakchi “AJP” gazetasida O‘zbekiston Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Nodirbek Rasulovning “O‘zbekiston–Turkmaniston: hududiy yaqinlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik natijasi” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, bugungi kunda Markaziy Osiyo respublikalari o‘rtasidagi o‘zaro integratsiya va barqaror rivojlanish jarayoni yangi bosqichga kirdi. O‘zbekistondagi so‘nggi islohot va o‘zgarishlar nafaqat butun mintaqa rivojiga, balki mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda. Bu o‘zgarishlar butun mintaqa bo‘ylab yashayotgan odamlar hayotiga tobora sezilarli taʼsir ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi kunda Turkmaniston savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport va logistika, energetika va suv resurslarini boshqarish kabi ko‘plab sohalarda O‘zbekistonning asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi.
“2017-yildan 2024-yilgacha ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar izchil kengayib bordi. Natijada, Turkmanistonning O‘zbekistonga eksporti 2017-yildagi 105,4 million dollardan 2024-yil oxiriga kelib, 1,48 milliard dollarga yetdi, yaʼni qariyb 14 barobar o‘sdi. O‘zbekistonning Turkmanistonga eksporti ham 2017-yildagi 53,2 million dollardan 2024 yilda 133,9 million dollargacha o‘sdi. Bu ko‘rsatkichlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sayotgani, xalqlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi”, – deb fikr yuritgan maqola muallifi.
Turkmanistonning O‘zbekistonga eksportida mineral yoqilg‘i va neft mahsulotlari ustunlik qiladi. Ular 2024-yilda umumiy eksportning 95,8 foizini tashkil etdi. O‘zbekistonning Turkmanistonga eksporti esa nisbatan diversifikatsiyalashgan bo‘lib, sanoat va kimyo mahsulotlari yetakchilik qilmoqda. 2024-yilda O‘zbekistonning Turkmanistonga eksportining 17,7 foizi o‘g‘itlar bo‘lib, ikki tomonlama savdoda asosiy tovarlardan biriga aylandi.
Manbada aytilishicha, savdo ko‘rsatkichlarini yanada oshirish uchun ikki mamlakatda hali foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud. Dengiz portlari orqali xalqaro transport yo‘laklaridan foydalanib, tajriba tariqasida yuklarni jo‘natish transport-logistika aloqalarini sezilarli darajada kengaytirishi mumkin. Ikki tomonlama savdoning ijobiy dinamikasini saqlab qolish va yaqin yillarda uning hajmini ikki baravar oshirish transport-logistika imkoniyatlaridan strategik foydalanishni talab qiladi. Bu Toshkent va Ashxobod o‘rtasida muvofiqlashtirilgan iqtisodiy rejalashtirishning muhimligini ko‘rsatadi.
Ushbu strategik maqsadlarni amalga oshirish uchun 2025-yil 25-fevralda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida erkin savdo rejimi joriy etildi. Uning doirasida ikki mamlakatda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi tovarlarga bojxona bojlari bekor qilindi. Savdo cheklovlari olib tashlanib, ikki tomonlama savdo tartib-taomillari soddalashtirildi. Bu esa o‘zaro tovar ayirboshlashni osonlashtirdi.
Xulosa qilib aytganda, ikki tomonlama hamkorlikning mustahkamlanishi, yangi mintaqaviy aloqalarning paydo bo‘lishi, istiqbolli loyihalarning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlarining uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam