Logo

AQSHda birinchi o‘zbek onlayn radiostansiyasi ishga tushirildi

Aprel 22, 2026. 18:25 • 2 daq

173
AQSHda birinchi o‘zbek onlayn radiostansiyasi ishga tushirildi

NYU-YORK, 22-aprel. /“Dunyo” AA/. AQSHda xorijdagi vatandoshlarni axborot bilan taʼminlash va birlashtirishga qaratilgan birinchi o‘zbek onlayn radiostansiyasi ­– “Amur FM” ish boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu loyiha Qo‘shma Shtatlarda yashovchi vatandoshimiz Mavlonbek Mashrabov tomonidan yaratilgan bo‘lib, mamlakat hududida mobil ilova shaklida ishlaydi. Platforma o‘zbek musiqiy va ko‘ngilochar kontentini efirga uzatishdan tashqari, diaspora ichidagi muloqotni rivojlantirishga qaratilgan bir qator xizmatlarni ham taklif etadi.

Xususan, ilova chat formatida muloqot qilish, eʼlonlar joylashtirish va dolzarb axborot almashish imkonini beradi. Foydalanuvchilar bo‘sh ish o‘rinlari va xizmat takliflarini eʼlon qilishlari, AQSHdagi kundalik hayotga oid yangiliklar bilan tanishishi mumkin.

Bundan tashqari, ilovada ingliz tilini o‘rganish va imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishga oid materiallarni o‘z ichiga olgan taʼlimiy bo‘limlar ham mavjud.

Radiostansiyaning ishga tushirilishi AQSHdagi o‘zbek diasporasi tomonidan ijobiy kutib olindi. Ayni damda platforma o‘z auditoriyasini bosqichma-bosqich kengaytirib, axborot almashish va aloqalar o‘rnatish uchun qulay vositaga aylanib bormoqda.

Loyiha muallifining taʼkidlashicha, hozirda mazkur platforma faoliyati asosan Amerika hududiga yo‘naltirilgan bo‘lib, kelajakda uning geografik qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan.

Bu kabi raqamli platformalarni yaratish xorijdagi vatandoshlar o‘rtasida yagona axborot makonini shakllantirish va o‘zaro aloqalarni rivojlantirishning muhim yo‘nalishi sifatida qaralmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish