Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida o‘zbek milliy qadriyatlari targ‘ib qilindi
Aprel 21, 2026. 10:02 • 2 daq
• 171KOMSOMOLSK-AMUR, 21-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi tomonidan Rossiyaning Komsomolsk-Amur shahrida Navro‘z umumxalq bayrami nishonlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
350 nafardan ortiq kishi ishtirok etgan tadbirda ushbu hududda ishlayotgan va o‘qiyotgan vatandoshlar, milliy-madaniy markazlar vakillari, shahar maʼmuriyati hamda mahalliy aholi qatnashdi
Uchrashuvda Bosh konsulxona diplomatlari va “Vatandoshlar” jamoat fondi raisi Odiljon Sattorov so‘z yuritib, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, atrof-muhitga ehtiyotkor munosabat va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash muhimligi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari haqida ham maʼlumot berildi. Ikki davlat o‘rtasida savdo hajmi yil sayin oshib borayotgani qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekistonning iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm va taʼlim sohalaridagi imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekistondan kelgan sanʼatkorlarning ijod namunalari tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, ularda milliy anʼanalar, mehr-oqibat va hamjihatlik g‘oyalari aks ettirildi. Kelin salom, lapar va boshqa xalq og‘zaki ijodi namunalari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir doirasida o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha musobaqa ham o‘tkazildi. Bu mahalliy aholi va vatandoshlar o‘rtasidagi do‘stlikni yana-da mustahkamladi.
Bundan tashqari, milliy liboslar, hunarmandchilik va amaliy sanʼat buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari palov, sumalak va somsa tortiq qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday bayramlar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirishini taʼkidlab, tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



