Yaponiyada o‘qiyotgan vatandoshlar bilan suhbat o‘tkazildi
Aprel 21, 2026. 09:00 • 56 soniya
• 214TOKIO, 21-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi vakillari Chiba farmatsevtika kollejiga tashrif buyurib, ushbu taʼlim muassasasida tahsil olayotgan vatandoshlar bilan suhbat o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida talabalarga yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning har tomonlama kamol topishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xorijdagi fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Hamyurtlarni qiziqtirgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot davomida yoshlarni buzg‘unchi va boshqa salbiy g‘oyalar taʼsiriga tushib qolishdan asrash maqsadida ular o‘rtasida hushyorlikni oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Diplomatlar Yaponiyada bo‘lish qoidalari, mahalliy madaniyat va anʼanalarning o‘ziga xos xususiyatlarini aniq misollar yordamida tushuntirib berdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilarga O‘zbekistonning Tokiodagi diplomatik vakolatxonasi, jumladan, konsullik bo‘limi faoliyati hamda vatandoshlarga ko‘rsatilayotgan boshqa xizmatlar haqida maʼlumot berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

