Logo

Toshkentda ekspertlar Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi maslahat muloqotini rivojlantirishni muhokama qildilar

Aprel 17, 2026. 12:00 • 2 daq

491
Toshkentda ekspertlar Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi maslahat muloqotini rivojlantirishni muhokama qildilar

MOZORI-SHARIF, 17-aprel. /“Dunyo” AA/. Afg‘onistondagi “Ariana news” telekanali portalida Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu maqola shu yil 14-aprel kuni Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan o‘tkazilgan “Iqlim o‘zgarishi sharoitida Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini taʼminlash” mavzusidagi davra suhbati yakunlariga bag‘ishlangan.

Tadbirda Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining Uchinchi siyosiy boshqarmasi rahbari va Strategik tadqiqotlar markazi direktori Abdulxay Kanit ishtirok etdi. Shuningdek, unda O‘zbekiston va Afg‘oniston vakillari, diplomatlar, tahlil markazlari mutaxassislari hamda mintaqaviy ekspertlar qatnashdi.

Maqolada yozilishicha, muhokamalar davomida ishtirokchilar Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda maslahatlashuv muloqotining ahamiyati ortib borayotganini taʼkidlagan. Ular bu muzokaralar kelajakda ham ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov yaqinda Kobulda ushbu muloqot boshlanganini yuqori baholab, uni Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston o‘rtasida amaliy va konstruktiv aloqalarni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam deb atadi. U shuningdek, tahlil markazlari siyosiy jarayonlarni ekspert xulosalari va amaliy takliflar orqali qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynashini taʼkidladi.

Abdulxay Kanit esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini alohida qayd etdi. U Toshkentning iqtisodiy yondashuvini Afg‘oniston bilan yanada samarali va amaliy hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladigan omil sifatida baholadi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ekspertlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi. Taʼkidlanishicha, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi bunday muloqot mintaqada barqarorlik va iqtisodiy integratsiyani taʼminlashda muhim platforma hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish