Britaniya–O'zbekiston do'stlik jamiyati bilan uchrashuv tashkil etildi

Noyabr 26, 2025. 18:54 • 2 daq

250
Britaniya–O'zbekiston do'stlik jamiyati bilan uchrashuv tashkil etildi

LONDON, 26-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga tashrif davomida "Britaniya-O'zbek jamiyati" bilan uchrashuv o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mitasi raisi Qahramon Sariyev ikki davlat o'rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi. U Britaniya va O'zbekiston o'rtasidagi do'stlik aloqalari nafaqat diplomatik munosabatlar orqali, balki xalqlarimizni birlashtiruvchi o'zaro hurmat va ishonch asosida qurilganini qayd etdi.

Shuningdek, tadbir davomida O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasidagi madaniy, ilmiy va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, o'zaro tajriba almashish va xalq diplomatiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O'zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mitasi va Britaniya–O'zbekiston do'stlik jamiyati o'rtasida o'zaro hamkorlik to'g'risida Memorandum imzolandi.

Ushbu hujjatga ko'ra, ikki davlat o'rtasida madaniy-gumanitar almashinuvni kuchaytirish, ilmiy-ma'rifiy sohada qo'shma tashabbuslarni yo'lga qo'yish, vatandoshlarning mehnat faoliyati bo'yicha tajriba almashish kabi yo'nalishlar belgilab berilgan.

So'zga chiqqanlar ushbu hamkorlik xalqlar o'rtasidagi do'stlikni yanada mustahkamlash, o'zaro hurmat va ishonchni rivojlantirish, ikki davlat o'rtasidagi madaniy aloqalarni kengaytirishga xizmat qilishini ta'kidladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish