O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHdagi yirik xalqaro investitsiya sammiti – “SelectUSA”da qatnashdi
May 07, 2026. 14:55 • 3 daq
• 210VASHINGTON, 7-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiya AQSHda 3–6-may kunlari bo‘lib o‘tgan yilning eng yirik xalqaro investitsiya platformasi – “SelectUSA Investment Summit 2026”da ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sammit doirasida asosiy eʼtibor texnologik innovatsiyalar, barqaror rivojlanish, sanoat ishlab chiqarishi va global investitsiya hamkorliklarini kengaytirish kabi yo‘nalishlarga qaratildi.
Tadbirda yirik xalqaro korporatsiyalar, investitsiya fondlari va davlat tuzilmalari vakillari ishtirok etdi. Dunyoning turli mintaqalaridan kelgan delegatsiyalarning faol ishtiroki AQSHning investitsiya siyosatiga bo‘lgan katta qiziqishni ifodaladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan “AKFA Group”, “BMB Holding”, “Sharq Tubes”, “Texnomart”, “Safia Cafe & Bakery”, “Oqtepa Food Service”, “ADM Global”, “Delta Global Dynamics” va boshqa yirik kompaniyalar rahbarlari o‘rin oldi.
O‘zbekiston tomoni investitsiya hamkorligini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda turli iqtisodiy sohalarda o‘zbek va amerikalik kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi.
Sammitning ochilish marosimida “AKFA Group” kompaniyasi AQSH Savdo vazirligi, Davlat departamenti, O‘zbekiston elchixonasi va Kentukki shtati rasmiylari ishtirokida Kentukkida alyuminiy mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi investitsiya loyihasini ishga tushirish marosimini o‘tkazdi. Loyiha kompaniyaning xalqaro faoliyatini kengaytirish va AQSH bozorida ishlab chiqarish bazasini mustahkamlash strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Tadbir doirasida O‘zbekiston elchixonasida ham keng ko‘lamli biznes-seminar o‘tkazildi. Unda AQSH Savdo vazirligi, Davlat departamenti, Amerika–O‘zbekiston savdo palatasi, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va ekspertlar ishtirok etdi.
Xalqaro uchrashuvda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, AQSH Savdo vazirining xalqaro savdo bo‘yicha o‘rinbosari Devid Fogel, Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Pol Kapur, AQSHning Toshkentdagi elchisi Jonatan Xenik hamda Amerika–O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolayn Lemm qatnashdi.
Ishtirokchilar ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy muloqotni yana-da mustahkamlash va amaliy hamkorlikni rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.
Tadbir konstruktiv va samarali muhitda o‘tdi. O‘zbekiston kompaniyalari faol ishtirok etib, turli sohalardagi yetakchi amerikalik kompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatdi.
Sammit haqida AQSH Savdo vazirining o‘rinbosari Devid Fogel fikr bildirdi:
– O‘zbekiston kompaniyalarining “SelectUSA”da ishtirok etishi ularning xalqaro hamkorlikka tayyorligini ko‘rsatadi. Biz ikki tomonlama investitsiya hamkorligini kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyatni ko‘rmoqdamiz.
Davlat kotibi yordamchisi Pol Kapurning fikricha, O‘zbekiston AQSHning Markaziy Osiyodagi muhim va ishonchli hamkoriga aylanmoqda. Mamlakatdagi islohotlar va ochiqlik xalqaro biznes uchun mustahkam asos yaratmoqda.
Shuningdek, ikki mamlakat prezidentlari o‘rtasidagi munosabatlar asosida kuchli institutsional va siyosiy hamkorlik asoslari shakllangani, bu esa biznes uchun keng imkoniyatlar ochayotgani qayd etildi.
Bu hamkorlik natijasida Amerika–O‘zbekiston investitsiya va biznes kengashi tashkil etildi va u joriy yil aprel oyida Vashingtonda birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu platforma ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida investitsiya muloqotini yana-da chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Tashrif yakunida AQSH davlat tuzilmalari va yirik kompaniyalari iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etildi. Unda yangi investitsiya loyihalari va amaliy kelishuvlar muhokama qilinishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi






